Rossiyalik 47 yoshli murabbiy Aleksandr Krestinin tabiiyki, o'zbek muxlislari uchun juda yaxshi tanish. Boisi, u 2023 va 2024 yilgi mavsumlarda Superligamizda ishlagan. O'shanda «Lokomotiv» va «Bunyodkor» klublarini boshqargan. Shundan keyin Qirg'iziston hamda Tojikiston chempionlarida ham faoliyat ko'rsatdi.
Kuni kecha Tribuna.uz jurnalisti ushbu mutaxassisga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- Aleksandr Sergeyevich, oxirgi klubingiz Tojikistonning «Xo'jand» jamoasi edi. Ammo, adashmasam, shundan beri biror joyda ko'rinish berganingiz yo'q.
- «Xo'jand»dan keyin xizmatimga qiziqqan bir qancha klublar aloqa qilishdi. Ammo yuragim jiz etadigan takliflar bo'lmadi. Shu bois hozirgacha bo'shman va takliflarga ochiqman.
- Jahon chempionatini muxlis sifatida kuzatyapsizmi yoki mutaxassis ko'zi bilan ko'rayapsizmi?
- Bilasizmi, anchadan beri u yoki bu jamoaga muxlislik qilmasdan qo'yganman. Futbolni esa kasbiy ko'nikmalarimdan kelib chiqib, mutaxassis sifatida tomosha qilishga odatlangamman.
- Bizning milliy jamoamizning mundialdagi ilk ishtirokiga qanday baho bera olasiz?
- O‘zbekiston milliy jamoasining jahon chempionatiga chiqqani - bu katta muvaffaqiyat. Milliy jamoada yaxshi futbolchilar jam bo'lgan. Bu jamoada katta potensial bor. Afsuski, JCHdagi ilk ishtirok omadli chiqmagan. Uning o‘yinlariga baho berish murabbiylar shtabi, federatsiya mutasaddilarining ichki ishi. Muxlis sifatida aytadigan bo'lsam, bu jamoa yanada yaxshiroq o'ynay oladi. Chunki tarkibda individual jihatdan kuchli futbolchilar talaygina. Harqalay, JCH chog'ida ular o'zlaridagi qobiliyatni namoyish qila oldilar. Boshqa tomondan olib qaraganda, debutant ancha hayajonlanadi, o‘zini kuchli bosim ostida his qiladi. Lekin har qanday sharoitda ham bu musobaqa milliy jamoa uchun katta tajriba bo‘ldi.
- Ayting-chi, milliy jamoamizda sizga ko'proq qaysi futbolchining o'yinlari yoqdi?
- Bu savolingizga dabdurustdan u yoki bu futbolchi boshqalardan zo'r o'ynadi, deyish qiyin. Ko'rdim, butun jamoa harakat qildi. Umuman olganda, biror jamoada ishlayotganimda ham o'z shogirdlarim bo'ladimi yo raqib a'zolarimi, alohida baho berishga odatlanmagamman. Futbol - jamoaviy o'yin. Faqat shuni aytishim kerakki, milliy jamoangizda hamma bir tanu, bir jon bo'lib to'p surdi.
- Faraz qilaylik, milliy jamoamiz boshqa guruhda bo'lganida keyingi bosqichga chiqqan bo'larmidi?
- Jahon chempionatida oson yo qiyin guruhlar bo'lmaydi. Bu mening fikrim. Ehtimol, qog'ozda u yoki bu guruh ko'zga osongina ko'rinishi mumkin. Biroq maydonga chiqqanda kuchsiz ko'ringan jamoa ham boshqacha ko'rina boshlaydi. Bunday paytda hamma o'z mamlakati sha'nini himoya qilish uchun kirishganini anglab, katta shijoat bilan to'p surishga kirishadi. To‘g‘ri, tajriba, mahorat va taniqlilik borasida farq bo‘lishi mumkin. Ammo O‘zbekistonning kelajagi yorqin bo‘lishiga ishonaman. Bu safar kutilgan darajadagi ishtirok bo'lmagandir, lekin keyingi musobaqalarda hammasi o'zgarishi tayin. Qur'oning omadli yo omadsiz kelgani haqidagi gaplar yuzasidan tortishish befoyda.
- Mundialda qaysi terma jamoalarga muxlislik qilyapsiz?
- Jahon chempionatida biror terma jamoaga ishqibozlik qilayotganim yo'q. Umumiy ma'noda aytsam, Argentina, Ispaniya va Fransiya boshqalarga nisbatan barqarorroq ko'rinmoqda. Portugaliya ham chakki emas. Ammo boshqalardan ham ko'ra Fransiyaning shashti balandroqligi sezilib turibdi. Yuqorida aytib o'tganimdek, biror-bir terma jamoaga muxlislik qilayotganim yo'q.
- Agar Fabio Kannavaro bilan uchrashib qolganingizda unga qanday savol berardingiz?
- Kannavaro uchun ham bu murabbiy sifatidagi ilk JCH ekanligini tushunish kerak. Chunki u ilgari biror kattaroq jamoada ishlamagan. Shuni ham inobatga olish kerak. Agar iloji bo'lganidami, men undan
15 mayga qaytishning imkoni bo'lganida musobaqa uchun tayyorgarlik rejasini o'zgartirishni so'ragan bo'lardim.
Aleksandr Krestinin: «Har qanday holatda ham mundialdagi ishtirok O‘zbekiston uchun katta tajriba bo‘ldi»
Eksklyuziv
7 iyul, 10:04
Rossiyalik mutaxassis «Lokomotiv» va «Bunyodkor» klublarini boshqargan.
Фото: Бунёдкор ПФК
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi