Norvegiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Stole Solbakken Jahon chempionati chorakfinalidan o'rin olgan Angliyaga qarshi bahs oldidan jamoadagi ayrim futbolchilarning betob bo'lib qolgani haqida gapirdi.
«Faqat Yyorgenning isitmasi ko'tarilgan. Yana bir necha futbolchida yo'tal va shamollash alomatlari bor. Bunga konditsionerlar, parvozlar, kiyinish xonalari va boshqa omillar sabab bo'lgan bo'lishi mumkin. Delegatsiyamizda 50 nafardan ortiq odam bor. Shunday ekan, bir yoki ikki kishi shamollab qolishi ajablanarli holat emas», — deya Solbakkenning so'zlarini Chempionat nashri keltirdi.
Eslatib o'tamiz, Norvegiya va Angliya o'rtasidagi Jahon chempionati chorakfinal bahsi 12 iyul kuni bo'lib o'tadi. Turnir AQSH, Meksika va Kanada mezbonligida o'tkazilmoqda.