Portugaliya milliy jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Jahon chempionatlari pley-off bosqichidagi omadsiz statistikasini yana davom ettirdi.
Ispaniyaga qarshi 1/8 final bahsida (0:1) maydonda to'liq harakat qilgan 41 yoshli futbolchi 1/8 finaldan boshlab hisoblanganda Jahon chempionatidagi ketma-ket to'qqizinchi pley-off o'yinini golsiz va golli uzatmasiz yakunladi.
Shu tariqa, Ronaldu Jahon chempionati 1/8 finali va undan keyingi bosqichlarda jami 659 daqiqa maydonda harakat qilib, na gol urdi va na golli uzatma amalga oshirdi.
Qayd etilishicha, Portugaliya ushbu to'qqiz bahsning faqat ikkitasida asosiy yoki qo'shimcha bo'limlarda g'alaba qozongan. Har ikki holatda ham Ronaldu o'zi istaganidan kamroq vaqt maydonda bo'lgan. Gap 2006 yilda Niderlandiyaga va 2022 yilda Shveysariyaga qarshi bahslar haqida ketmoqda.
Shunga qaramay, Ronaldu JCH-2026ni bir nechta rekord bilan yakunladi. U Jahon chempionatlari final bosqichlarida urgan 11 ta goli bilan Eysebioni ortda qoldirib, Portugaliya tarixidagi eng yaxshi to'purar bo'ldi.
Bundan tashqari, u Jahon chempionatlarida maydonga tushgan eng yoshi katta to'rtinchi maydon futbolchisi hamda mundiallarda gol urgan eng yoshi katta ikkinchi futbolchi sifatida tarixga kirdi. Shuningdek, Ronaldu oltita Jahon chempionatida ishtirok etgan futbolchilardan biri bo'lib, mundiallar tarixida o'tkazgan bahslari soni (27 ta) bo'yicha faqat Lionel Messidan (30 ta) ortda qolmoqda.