«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Chempionlar ligasi doirasida bo‘lib o‘tadigan «Barselona»ga qarshi uchrashuv haqida fikr bildirdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, parijliklar maydonda tashabbusni o‘z qo‘llariga olishga harakat qilishadi.
«Murabbiylik faoliyatim davomida biror marta ham o‘z xohishim bilan to‘pni raqibga bergan emasman. Bunday kuchli jamoani mag‘lub etish uchun to‘p nazoratini qo‘lda saqlash kerak.
Biroq mavsum davomida jamoa yaxshi yoki hatto sizdan ham kuchliroq o‘ynaydigan raqiblarga duch kelishi tabiiy. Bunday vaziyatlarda moslashish va to‘pni imkon qadar tezroq qaytarib olishga harakat qilish lozim. Bunday darajadagi uchrashuvda bu vazifani bajarish oson emas.
Bizning maqsadimiz o‘zgarmagan: pressing sifatini oshirish va raqib maydonining yarmida hujumlar uyushtirish», — deya Enrikening so‘zlaridan keltiradi UEFA matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, «PSJ» va «Barselona» o‘rtasidagi uchrashuv 20 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:59da boshlanadi.