Fransiya milliy jamoasining sobiq hujumchisi Kristof Dyugarri Kilian Mbappening «Real»dagi o'yini borasidagi tanqidlarga munosabat bildirdi.
«Bu mutlaqo bema'nilik. Mbappeni tanqid qilayotganlar stadionga borib o'yinlarni ko'rishadimi yoki yo'qmi, bilmayman. Futbolchi 44 ta o'yinda 42 ta gol urdi, ammo baribir «Real»ning sovrinsiz qolishida aynan u aybdor deyishmoqda. Buni qabul qilib bo'lmaydi.
Albatta, har doim futbolchidan yanada yaxshiroq o'yin kutish mumkin. Ammo 44 uchrashuvda 42 ta gol urgan futbolchidan yana nimani talab qilish mumkin?», — dedi Dyugarri.
Uning fikricha, agar Mbappe tanqid qilinsa, unda boshqa yetakchi futbolchilar ham bundan chetda qolmasligi kerak.
«Agar ispaniyaliklar Mbappeni tanqid qilmoqchi bo'lsa, unda Jud Bellinghemni, Vinisiusni va Jahon chempionatida milliy jamoalari safida «Real»dagidan yaxshiroq o'ynagan boshqa futbolchilarni ham tanqid qilishlari kerak.
Agar ularning barchasi terma jamoada yaxshiroq o'ynayotgan bo'lsa, demak muammo Mbappeda emas, balki «Real»ning o'zida.
Ha, Mbappe bundan ham yaxshiroq o'ynashi mumkin. Uning maydondagi munosabati va yetakchilik fazilatlarini yanada kuchaytirishi kerakligi haqidagi fikrga qo'shilaman. Ammo buning uchun unga biroz vaqt kerak bo'lishi mumkin», — deya qo'shimcha qildi Dyugarri.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi