Madridning «Real» klubi va Fransiya milliy jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe JCH-2026 davomida ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan «Diktator Mbappe» memiga munosabat bildirdi.
Musobaqa paytida tribunada Mbappe harbiy forma kiygan holda tasvirlangan plakatni ushlab turgan muxlis surati internetda virusdek tarqaldi. Ushbu tasvir ko'plab memlar va hazilomuz postlarga sabab bo'ldi.
Mbappe esa bunga qisqa javob berdi:
«Boshqa bunday qilmang».
Ma'lumot uchun, «Diktator Mbappe» yoki «General Mbappe» memi 2024 yilda paydo bo'lgan. O'shanda futbolchining yuristlari Marseldagi kabobxonaga burger tavsifi sababli sudga murojaat qilish bilan tahdid qilganidan so'ng, ijtimoiy tarmoqlarda Mbappe «avtoritar rahbar» sifatida tasvirlana boshlagandi.
Shundan buyon mem turli ko'rinishlarda rivojlanib, unda Mbappe klub va milliy jamoada barcha qarorlarni o'zi qabul qiladigan, murabbiylar va transfer siyosatiga ta'sir o'tkazadigan shaxs sifatida hazil tariqasida gavdalantirilmoqda.
JCH-2026 davomida esa ushbu mem yana ommalashdi. Sun'iy intellekt yordamida yaratilgan harbiy uslubdagi tasvirlar, stadionlarda harbiy kiyimdagi muxlislar va turli satirik postlar internetda keng tarqaldi.