«Manchester Yunayted» sardori Brunu Fernandesh klub unga yangi shartnoma taklif qilganini tasdiqladi. Biroq portugaliyalik yarimhimoyachi Angliya Premyer-ligasida jamoaning omadsiz natijalari sabab muzokaralarni vaqtincha ortga surishga qaror qilgan.
«Klub menga yangi shartnoma taklif qildi. Menimcha, bu ularning meni jamoada saqlab qolish istagini ko‘rsatadi. Hozir hech qanday muzokara olib borilmayapti. Ammo ayrimlarning: «U ko‘proq pul so‘radi, shartnomani uzoqroq muddatga uzaytirishni istadi», degan gaplarini ko‘rdim.
Agar ko‘proq pul istaganimda, bu yerda bo‘lmasdim. Menda «Manchester Yunayted»dagidan ancha ko‘proq maosh to‘lanadigan joyga ketish imkoniyati bo‘lgan. Manchesterdagidan ancha iliqroq joyda ham bo‘lishim mumkin edi. Ikki yil oldin, uch yil avval, o‘tgan yozda ham ketish imkoniyatim bor edi. Ammo har safar shu yerda qolishni tanladim.
O‘tgan mavsum yakunida va ushbu mavsum boshida shartnoma haqida gaplashganmiz. Biroq jamoa va klubdagi vaziyatni hisobga olib, bu masalani vaqtincha chetga surdim. Hozir muzokara olib borish men uchun ham, klub uchun ham munosib payt deb hisoblamayman. Eng muhimi, klub yana g‘alaba qozonishni boshlashi kerak», — dedi Fernandesh Sky Sports nashriga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, portugaliyalik futbolchi 2020-yilning yanvar oyi oxirida «Manchester Yunayted» safiga qo‘shilgan.
Eslatib o'tamiz, avvalroq portugaliyalik futbolchi agar «Manchester Yunayted» rahbariyati istasa klubdan ketishi mumkinligini ta'kidlagan edi.