«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta APL doirasida «Nyukasl»ga qarshi kechgan va 2:2 hisobida yakunlangan uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Bugun ikki ochko yo‘qotgandek his qilyapman. Birinchi bo‘limda ajoyib o‘ynadik, butunlay boshqa darajada harakat qildik.
Raqib pressingini yengib o‘tishdagi kombinatsiyalarimiz juda yaxshi edi. Hisob 2:0, 3:0 yoki hatto 4:0 bo‘lishi kerak edi, ammo bunday bo‘lmadi.
Raqibning o‘ziga bo‘lgan ishonchini o‘zimiz oshirdik. Ularga gol sovg‘a qildik. Autdan to‘pni o‘yinga kiritishda uni yo‘qotdik va qanot hujumchisini nazoratsiz qoldirdik.
«Nyukasl» standart vaziyatlarda juda yaxshi harakat qildi. Biz bunga javob qaytarishimiz kerak edi va shunday qildik. Ajoyib gol urdik. Uchinchi golni kiritish uchun ham yetarlicha vaziyatlar yaratdik, ammo aniqlik yetishmadi.
«Nyukasl» tanaffusda o‘yinini jiddiy o‘zgartirdi, deb o‘ylamayman. Ular shunchaki ancha samarali harakat qila boshladi.
Biz esa juda ko‘p noaniq uzatmalar berdik va raqibga ishonch bag‘ishladik. Futbolda ishonch eng muhim omillardan biri, ayniqsa, bunday ajoyib muhitda o‘ynayotganda.
Rayyaning ahvoli qandayligini bilmayman. Maydonni tark etishga majbur bo‘lganidan ko‘rinib turibdiki, vaziyat yaxshi emas.
Bugun yoki ertaga MRT tekshiruvi o‘tkaziladi va jarohat darajasini aniqlaymiz», — dedi Arteta.