«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Liga 1 11-turidan o‘rin olgan «Nitsa»ga qarshi o‘yin (3:2)dan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, ispaniyalik mutaxassis Desire Due jarohat olganini tasdiqladi. Futbolchi uchrashuvning 44-daqiqasida zambilda maydondan olib chiqildi va almashtirildi.
«Milliy jamoalar o‘yinlari uchun ajratilgan tanaffusdan keyin Chempionlar Ligasi uchrashuvi arafasida va «Nitsa»dek kuchli raqibga qarshi o‘ynash qanchalik qiyin bo‘lishini bilardik.
Haqiqatan ham og‘ir bahs bo‘ldi. Muammolarga duch kelishimizni oldindan kutgandik va bunga tayyor edik. O‘ylaymanki, vazifamizni yaxshi uddaladik. Qo‘lga kiritilgan navbatdagi uch ochkodan mamnunmiz.
Yomon xabar — Desire Duening jarohati. Uning jarohati qay darajada ekanini aniq bilish uchun ertangi kunni kutishimiz kerak.
Hujumchilarimizning gollariga kelsak, ular doimo gol urish va golli uzatma berish haqida o‘ylashadi. Biroq jamoa uchun kim gol urishidan qat’i nazar, eng asosiysi belgilangan vazifani bajarish va birgalikda harakat qilishdir», — dedi Enrike klub rasmiy saytiga bergan intervyusida.