«Real» prezidenti Florentino Peres Madrid klubi va «Barselona»ga nisbatan hakamlik qarorlari statistikasini keltirdi.
«Real» a’zolarining umumiy yig‘ilishida so‘zga chiqqan Peres Kataloniya klubining Hakamlar texnik qo‘mitasi sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyra bilan bog‘liq «Negreyra ishi»ni yana bir bor tilga oldi. «Barselona» unga ko‘p yillar davomida pul to‘lab kelgan.
«Ayrim manbalar xabar berishicha, bu to‘lovlar hatto 2001-yilgacha boshlangan bo‘lishi mumkin. Men ham boshqalar qatori bu haqda faqat 2023-yilda matbuot orqali xabar topdim.
Masalan, qizil kartochkalar bilan bog‘liq g‘ayritabiiy statistika shunchaki aql bovar qilmas darajada. So‘nggi o‘n yil ichida «Barselona» raqiblaridan bir kishi ko‘p bo‘lib, jami 862 daqiqa o‘ynagan. «Real»da esa bu ko‘rsatkich salbiy.
VAR tizimi joriy etilganidan buyon videohakamlar aralashuvi natijasida «Real»ning 42 ta goli bekor qilindi. Bu «Barselona»nikidan (19 ta) ikki baravardan ham ko‘p.
Bularning barchasi La Liganing befarqligi fonida sodir bo‘lmoqda. Bu mavsumda Negreyra davrida lavozimi ko‘tarilgan 21 nafar hakam faoliyat yuritmoqda. Shuncha voqeadan keyin ham yana bizdan shikoyat qilishayotganiga qarang!» — deya Peresning so‘zlarini keltiradi AS.
Peres: «So‘nggi 10 yilda “Barsa” raqiblaridan 862 daqiqa ko‘proq o‘ynadi»
Futbol
21 noyabr, 17:45
«Real» prezidenti klub a’zolarining yig‘ilishida «Negreyra ishi»ni yana bir bor tilga oldi.
Foto: Getty Images