«Real» Federiko Valverde bilan amaldagi shartnomani uzaytiradi.
The Athletic nashri ma’lumotiga ko‘ra, 28 yoshli yarimhimoyachi bilan yangi kelishuv 2031 yilga qadar mo‘ljallanadi. Urugvaylik futbolchining amaldagi bitimi esa 2029 yilning yozigacha edi.
Yangi kelishuvga 1 milliard yevro miqdorida tovon puli ham kiritiladi. Bu «Real»ning yulduz futbolchilar bilan shartnoma tuzishdagi an’anaviy amaliyoti hisoblanadi.
Muzokaralar jarayonidan xabardor manbaning so‘zlariga ko‘ra, yangi bitimda yarimhimoyachining maoshini oshirish ham ko‘zda tutilgan. Bu orqali Valverde jamoaning eng yuqori maosh oluvchi o‘yinchilari qatoriga kiradi.
Futbolchi 2016 yilda «Real» safiga kelib qo‘shilgan va 2018 yildan buyon asosiy jamoada o‘ynab kelmoqda. U madridliklar safida shu kungacha 388 ta bahsda ishtirok etgan.
Bu mavsumda esa Fede 15 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 2 ta golga assistentlik qildi. U bu uchrashuvlarda yarimhimoyachi va o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyalarida harakat qildi.
«Real» Valverde bilan shartnomani uzaytiradi
Futbol
20 noyabr, 05:50
Urugvaylik yarimhimoyachining maoshi oshiriladi, tovon puli 1 mlrd yevro etib belgilanadi.
Foto: Getty Images