Live
3
O'zbek

Nodirbek Abdusattorov Total Chess turnirini 23-o‘rinda yakunladi

Boshqalar
21 noyabr, 17:50
O‘zbekistonlik grossmeyster muvaffaqiyatsiz turnir o‘tkazdi.
Nodirbek Abdusattorov Total Chess turnirini 23-o‘rinda yakunladi
Foto: Total Chess

Budapeshtdagi Total Chess turnirining umumiy jadvalida Nodirbek Abdusattorov 24 nafar shaxmatchi orasida 23-o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonlik grossmeyster bu natijasi uchun 11 000 AQSh dollari ishlab oldi.

Turnirning asosiy qismi Nodirbek uchun omadsiz kechdi. Blitsdagi dastlabki 9 turda u 2,5 ochko bilan 22-o‘rinda qoldi. Tezkor klassika bo‘yicha A guruhida esa 10 partiyadan faqat bittasida g‘alaba qozondi, olti marta durang o‘ynadi va uch bor mag‘lub bo‘ldi. 9 ochko bilan guruhda oltinchi o‘rinni egallagan Nodirbek 21–24-o‘rinlar uchun bahslarga yo‘l oldi.

O‘rinlar uchun bahslarning yarim finalida Rameshbabu Praggnanandhaa undan har ikki kuni ustun keldi. Nodirbek avval 9:11 hisobida yutqazdi. Ikkinchi kuni tezkor klassika oldidan 8,5:3,5 hisobida oldinda edi, ammo Praggnanandhaaning hal qiluvchi partiyadagi g‘alabasi hisobni 8,5:11,5 ga o‘zgartirdi. Shundan so‘ng Nodirbek uchun eng yuqori mumkin bo‘lgan natija 23-o‘rin edi. Vaishaliga qarshi ikki kunlik g‘alabasi bilan u shu natijaga erishdi.

Musobaqa g‘olibligi eronlik Alireza Firuzjaga nasib etdi. U 80 000 AQSh dollari bilan taqdirlandi.

Bugungi yangiliklar