Rafael Nadal «Real» direktorlar kengashining yangi a’zosi etib saylandi. Madrid klubining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida o‘tkazilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, ispaniyalik sobiq tennischi 99,5 foiz ovoz oldi. Bu haqda «Real» rasmiy sayti xabar berdi.
Nadal uzoq yillardan buyon «Real»ning ashaddiy muxlisi hisoblanadi. U professional tennischi sifatida «Katta dubulg‘a» turkumidagi 22 ta turnirda g‘alaba qozongan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha undan faqat Novak Jokovich oldinda — serbiyalik sportchi hisobida 24 ta chempionlik bor.
Ma’lumot uchun, «Real» Ispaniya chempionatining 12 turidan keyin 30 ochko bilan turnir jadvalida 2-o‘rinni egallab turibdi. Madridliklar peshqadam «Barselona»dan 3 ochko ortda qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Real» 21-noyabr kuni La Liganing 13-turi doirasida o‘z maydonida «Selta»ni qabul qiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:00 da boshlanadi.