«Nasaf» va «Mash’al» (0:1) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Sergey Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.
— Umuman olganda, sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan voqea sodir bo‘ldi. Sinf va mahorat o‘z so‘zini aytdi. Biz himoyada yetarlicha yaxshi harakat qildik. Ammo hujumda yana hech narsa o‘xshamayotgani ko‘rinib turibdi. Golli vaziyatlarni yarata olmayapmiz. Shunga qaramay, olg‘a harakat qilishda davom etamiz.
- Goldan keyin ikkita futbolchini almashtirdingiz. Bu o‘zgarishlar jamoa o‘yiniga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?
— Amaliyot shuni ko‘rsatdiki, almashtirishlar kutilgan natijani bermadi. Lekin bizda boshqa yo‘l ham yo‘q. Jamoamiz yosh futbolchilardan tashkil topgan, biz ularga ishonamiz.
Rejamiz bor: yosh futbolchilarga maydonda ko‘proq vaqt berishga harakat qilyapmiz. Chunki kelasi yili tarkibni deyarli 100 foizga o‘zgartirishimizga to‘g‘ri kelishini yaxshi tushunib turibmiz.
Nima uchun ushbu futbolchilar uchrashuvni asosiy tarkibda boshlashmadi? Chunki ular so‘nggi o‘n kun ichida U19 turnirida ishtirok etishdi. Uchtadan o‘yin o‘tkazishdi, ya’ni tiklanish uchun deyarli vaqt bo‘lmadi. Shuning uchun bugun ularni zaxiradan maydonga tushirdik.
Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, anchadan beri tarkibimizda U19 jamoasidan besh-olti nafar futbolchi bor. Yoshlar jamoasi tarkibining qariyb yarmi biz bilan birga. Bunday o‘yinlar orqali ularni sinovdan o‘tkazyapmiz. Bu futbolchilarning psixologik barqarorligi va jismoniy holatini baholash uchun ham foydali. Ammo bugun zaxiradan maydonga tushgan futbolchilarimiz biroz oqsashdi. Avvalida aytganimdek, mahorat o‘z so‘zini aytdi.
- 2026 yilda Superligada bir qator o‘zgarishlar bo‘ldi. Xususan, legionerlar masalasiga ham e’tibor qaratildi. Umuman, O‘zbekiston chempionatida legionerlar sifati borasida qanday fikrdasiz?
— Hozir mening tomonimdan legionerlar sifati pasaydi yoki oshdi, deb umumiy xulosa berish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Har bir klub legionerlarni o‘z imkoniyati va qarashlaridan kelib chiqib taklif qiladi.
Albatta, O‘zbekiston chempionatida yuqori saviyali futbolchilar to‘p surishini juda xohlardim. Agar legioner taklif qiladigan bo‘lsak, u mahalliy futbolchilardan uch bosh ustun bo‘lishi kerak. Aks holda uni jamoaga olib kelishdan nima naf? Mamlakatimizda futbol o‘ynashni xohlaydigan mahalliy futbolchilar juda ko‘p. Shundan kelib chiqishimiz kerak. Agar legioner taklif qilsak, u haqiqatan ham kuchli bo‘lishi lozim. Ikki bosh emas, uch bosh ustun bo‘lishi kerak.
Albatta, bunday futbolchilar uchun mablag‘ sarflashga to‘g‘ri keladi. Bu masala nafaqat klub rahbariyati, balki federatsiya rahbariyati e’tiborida ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.
Legioner taklif qilayotgan ekanmiz, uning saviyasi yuqori bo‘lishiga erishishimiz kerak.
Nega chempionatimizda Messi yoki Ronaldu darajasidagi futbolchilar to‘p surmasligi kerak? Nega endi? Klublarga bunday futbolchilarni jalb qilishda yordam berish kerak.
Biroq klub mahalliy futbolchilariga maosh to‘lashga qiynalayotgan bo‘lsa, bunday sharoitda legionerlarning sifati haqida qanday gapirish mumkin?», - deya Sergey Ivanovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.