Portugaliyalik futbol agenti Paulu Barboza Jahon chempionatida Portugaliya va O‘zbekiston milliy jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan bahs haqida fikr bildirdi.
«Agar Portugaliyaning Kongo DRga qarshi o‘yinidan kelib chiqadigan bo‘lsak, jamoamizning g‘alabasiga ishonchim komil emas. Men O‘zbekistonning Kolumbiyaga qarshi bahsini tomosha qildim.
Mening fikrimcha, O‘zbekiston Kongo DRdan kuchliroq jamoa. Kolumbiya haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Portugaliyani juda qiyin o‘yin kutmoqda.
Jamoa tarkibi va ayniqsa hujumdagi o‘yinni zudlik bilan o‘zgartirish kerak», — deya Barbozaning so'zlarini keltirdi «Sport-Ekspress» nashri.
Shuningdek, agent Bernardu Silva va Vitinya o‘yiniga ham to‘xtalib, Portugaliya milliy jamoasining ayrim futbolchilari optimal sport formasida emasligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Portugaliya milliy jamoasi Jahon chempionatidagi ilk bahsida Kongo DR bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan. O‘zbekiston milliy jamoasi esa Kolumbiyaga qarshi bellashuvda mag‘lub bo‘lganiga qaramay, o‘yini bilan ko‘plab mutaxassislar e’tiborini tortgandi. Portugaliya — O‘zbekiston bahsi 23 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.