«Bavariya» va Maykl Olise o‘rtasidagi yangi shartnoma borasidagi muzokaralar hozircha sezilarli natija bermagan. Bu haqda Kicker nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Myunxen klubi futbolchining vakillari bilan yangi bitim yuzasidan dastlabki aloqalarni o‘rnatgan. Biroq o‘shandan buyon muzokaralarda jiddiy siljish kuzatilmagan.
Shunga qaramay, «Bavariya» rahbariyati Olisening shartnomasini imkon qadar tezroq uzaytirishga qat’iy bel bog‘lagan. Kutilishicha, yangi kelishuvga ko‘ra, fransiyalik futbolchining yillik maoshi 25 million yevroni tashkil etadi.
Maykl Olise yakunlangan mavsumda barcha musobaqalar doirasida 52 ta bahsda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 31 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Ma’lumot uchun, Olise 2024 yilda «Kristal Pelas»dan «Bavariya» safiga kelib qo‘shilgan edi. U qisqa vaqt ichida Myunxen klubining hujum chizig‘idagi asosiy futbolchilardan biriga aylandi.