Madridning «Real» klubi «Bavariya» vingeri Maykl Olise transferi borasida tarqalgan mish-mishlar fonida rasmiy bayonot bilan chiqdi.
«Qirollik klubi» fransiyalik futbolchi yoki uning vakillari bilan hech qanday muzokara olib bormaganini ta’kidladi.
«Turli OAVlarda klubimizning «Bavariya» futbolchisi Maykl Olisega qiziqishi haqida tarqalgan xabarlar munosabati bilan «Real» shuni ma’lum qiladiki, biz futbolchining o‘zi, uning vakillari yoki atrofidagi hech kim bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita aloqa o‘rnatmaganmiz», — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Madrid klubi Myunxen grandi bilan o‘zaro munosabatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
«Real» va «Bavariya» uzoq yillardan buyon o‘zaro hurmat, hamkorlik va ishonchga asoslangan munosabatlarni saqlab kelmoqda. Shu sababli haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan taxminlar tarqatilayotganidan afsusdamiz», — deya qo‘shimcha qilingan klub bayonotida.
Madridliklar har qanday futbolchi transferi avvalo klublar o‘rtasida muhokama qilinishi kerakligini ham eslatib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fabritsio Romano, Marca, AS va Mundo Deportivo nashrlari «Real»ning Maykl Olisega qiziqayotgani haqida xabar bergan edi. Endilikda Madrid klubi ushbu ma’lumotlarni rasman rad etdi.