Italiyalik hujumchi Nikolo Zaniolo yozgi transfer oynasida «Latsio» safiga ko‘chib o‘tishi mumkin. Bu haqda La Gazzetta dello Sport nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, futbolchi va «Udineze» o‘rtasida maosh masalasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Shu sababli Zanioloning klubni tark etishi ehtimoli paydo bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsum boshida Zaniolo «Galatasaroy»dan ijara asosida «Udineze»ga kelgan, keyinchalik esa Italiya klubi uning transfer huquqini to‘liq sotib olgandi.
Qayd etilishicha, «Latsio»ning bo‘lajak bosh murabbiyi Jennaro Gattuzo futbolchining o‘yin uslubini yuqori baholaydi va uni jamoada ko‘rishni istamoqda.
Biroq transferni amalga oshirish rimliklar uchun oson bo‘lmaydi. Klubning moliyaviy holati sabab «Latsio» avval ayrim futbolchilarini sotishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, «Udineze» ham Zanioloni qo‘yib yuborishga shoshilmayapti. Klub rahbariyati uni jamoa loyihasining muhim qismi deb hisoblamoqda.
27 yoshli futbolchi o‘tgan mavsum barcha musobaqalarda 38 ta uchrashuvda maydonga tushib, 6 ta gol va 7 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.