Britaniyalik bokschi Entoni Joshua Tayson Fyuriga qarshi jang anonsida nega raqibining ismi birinchi bo‘lib yozilganiga izoh berdi.
Joshuaning aytishicha, Fyurining jamoasi shartnomani imzolash uchun uning ismi birinchi ko‘rsatilishini talab qilgan. Joshua esa uzoq kutilgan jang amalga oshmay qolmasligi uchun bu shartga rozi bo‘lgan.
«Mendan: «Fyurining ismi birinchi yozilishiga qarshi emasmisan? Chunki agar shunday bo‘lmasa, u shartnomani imzolashga tayyor emas», deb so‘rashdi.
Men esa: «Bu jangni yana yo‘q qilishni istamayman», deb javob berdim», — dedi Joshua. Fyuri esa raqibining ushbu gaplarini rad etdi.
«Yolg‘on. Sahna ortida sizlar kichik qizlardek: «Menga bu kerak, menga u kerak», deb yig‘ladingiz. Bu jangdan qochish uchun qo‘lingizdan kelgan barcha ishni qildingiz.
Barcha mumkin bo‘lgan usullardan foydalandingiz», — dedi Fyuri. Ma’lumot o‘rnida, Tayson Fyuri va Entoni Joshua o‘rtasidagi jang 11-dekabr kuni Kardiffda bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq ushbu jang bekor qilinishi mumkinligi ma’lum qilingandi.