Tayson Fyuri va Entoni Joshua o‘rtasidagi kutilgan boks jangi amalga oshmay qolishi mumkin. Bu haqda jurnalist Kris Meniks xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, asosiy muammo UFC prezidenti Dana Uaytning jangni tashkil etish jarayonida ishtirok etishi bilan bog‘liq. Turki Al ash-Shayx Uaytni ushbu boks oqshomiga promouter sifatida jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Biroq Entoni Joshua va uning promouteri Eddi Hirn bu g‘oyaga qarshi chiqqan. Tomonlar o‘rtasidagi ushbu kelishmovchilik Fyuri va Joshua jangini tashkil etishga jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Hozircha jangning rasman bekor qilingani haqida ma’lumot yo‘q va muzokaralar qanday yakunlanishi noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, ikki britaniyalik og‘ir vazn yulduzi o‘rtasidagi jang 11-dekabr kuni Uelsning Kardiff shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Fyuri va Joshua o‘rtasidagi to‘qnashuv boks olamida uzoq vaqtdan beri kutilayotgan eng yirik janglardan biri hisoblanadi.
Avvalroq Fyuri Joshua bilan jang tashkilashtirilmasa, faoliyatini yakunlashini bildirgandi.