Live
1
O'zbek

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shaxmatchilarimizni tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi

Boshqalar
27 sentabr, 10:45
    12
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston shaxmatchilarining 2 karra Olimpiada chempioniga aylanganini ulkan zafar sifatida e’tirof
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shaxmatchilarimizni tarixiy g‘alaba bilan tabrikladi
Foto: Shavkat Mirziyoyev Press-service

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida tarixiy g‘alabaga erishgan O‘zbekiston shaxmatchilari, ularning ustoz va murabbiylarini tabrikladi.

Davlat rahbari O‘zbekiston erkaklar milliy jamoasining ikki karra Olimpiada chempioniga aylanganini butun xalqimiz uchun ulkan zafar sifatida e’tirof etdi.

«Ikki karra olimpiada chempioni degan yuksak sharafli unvon, buyuk zafar barchamizga, ko‘pmillatli xalqimizga muborak bo‘lsin!

Sizlar — Yangi O‘zbekiston qahramonlari, jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlodsiz. Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi, g‘ururlanadi», — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev Olimpiadada 200 dan ziyod mamlakatdan 2 mingga yaqin kuchli shaxmatchi va nomdor jamoalar qatnashganini qayd etib, O‘zbekiston vakillarining aql-zakovati, irodasi va mahoratiga yuqori baho berdi.

Prezident milliy jamoamizning musobaqa davomida dunyoning eng kuchli jamoalari ustidan qozongan g‘alabalariga alohida to‘xtaldi. O‘zbekiston amaldagi olimpiada chempioni Hindiston, kuchli shaxmat maktabiga ega Xitoy hamda jahon reytingida yetakchilik qilib kelayotgan, 6 karra olimpiada chempioni AQSh milliy jamoalarini mag‘lub etdi.

Davlat rahbari Nodirbek Abdusattorovning Olimpiada davomida birorta ham mag‘lubiyatga uchramay, birinchi taxtada oltin medalni qo‘lga kiritganini alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, Nodirbek Yoqubboyevning Turkiya, Hindiston, Xitoy va AQSh vakillariga qarshi bahslardagi hal qiluvchi g‘alabalari qayd etildi. Ayniqsa, uning hindistonlik Nihal Sarinnga qarshi partiyasi Prezident tomonidan «haqiqiy dramatik jang» sifatida ta’riflandi.

«Yangi O‘zbekiston vakilining eng qiyin vaziyatda nihoyatda topqirlik bilan qo‘llagan taktik yurishlarini ko‘rib, dunyo shaxmat muxlislari hayratdan qotib qoldi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Javohir Sindarovning chempionlarga xos o‘yini va umumiy g‘alabaga qo‘shgan hissasini ham ta’kidladi. Shuningdek, ilk bor bunday yirik xalqaro musobaqada qatnashgan Muhiddin Madaminovning birorta ham mag‘lubiyatga uchramagani, Shamsiddin Vohidovning esa muhim partiyalarda jamoaga kerakli ochkolarni olib kelgani e’tirof etildi.

«Bir so‘z bilan aytganda, milliy jamoamiz a’zolarining har biri o‘ziga ishonib, faqat oldinga qarab borganini ko‘rib, Yangi O‘zbekistonda qanday buyuk shaxmat maktabi, shaxmatchilar avlodi shakllanganiga butun dunyo tan berdi», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning ikkinchi tarkibi qayd etgan natijalarga ham to‘xtaldi. Jahongir Vohidov boshchiligidagi jamoaning Ispaniya, Angliya va Niderlandiya vakillari ustidan qozongan g‘alabalari alohida qayd etildi.

Ayollar milliy jamoasi ham e’tibordan chetda qolmadi. O‘zbekiston shaxmatchilari 11 turda 7 ta g‘alabaga erishib, olimpiadani 13-o‘rinda yakunladi. Prezident ularning AQSh jamoasi bilan tengma-teng kurash olib borganini muhim natija sifatida baholadi.

Samarqanddagi musobaqada O‘zbekiston parashaxmatchilari ham tarixiy natija qayd etdi. Ular olimpiadalar tarixida ilk bor bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Prezident mamlakatda shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va yaratilgan tizim ushbu natijalarga erishishda muhim omil bo‘lganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining FIDE tomonidan 2026 yilda «Eng yaxshi federatsiya» deb topilgani mamlakatning jahon shaxmatidagi nufuzi oshib borayotganining yana bir dalili sifatida qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev noyabr oyida jahon toji uchun kurash olib boradigan Javohir Sindarovga ham alohida murojaat qildi.

«Jahon toji uchun bo‘ladigan tarixiy bellashuvda shaxmatimiz faxri Javohir Sindarovdan barchamiz ulkan zafarlarni kutib qolamiz. Sen bunga albatta qodirsan, Javohir bolam!» — dedi Prezident.

Davlat rahbari 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan barcha shaxmatchilar, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, musobaqani yuqori saviyada tashkil etgan Samarqand viloyati ahli, mahalliy hokimlik vakillari va barcha tashkilotchilarga tashakkur aytdi.

«Bizga mana shunday buyuk shukuh, ulug‘ zafarlarni taqdim etgan shaxmatchi farzandlarimiz doimo sog‘-omon bo‘lsin! Sizlarga hamisha porloq g‘alabalar yor bo‘lsin, aziz bolalarim!» — deya tabrigini yakunladi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

12 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar