UFC va Zuffa Boxing prezidenti Dana Uayt Tayson Fyuri hamda Entoni Joshua o‘rtasidagi jangni tashkil etish bilan bog‘liq muammolar fonida promouter Eddi Hirnni keskin tanqid qildi.
«Jangning o‘tkazilishiga yordam berishi kerak bo‘lgan odam doimo unga xalaqit berib keldi. U hech qanday foyda keltirmadi. Eddi Hirnchalik ko‘p bema’ni gapiradigan odamni uchratganmanmi, bilmayman.
Balki keyingi uch soat ichida u 652 mingta intervyu berib, barcha savollarga javob berar. Agar Hirn haqiqatan ham bu jang haqida qayg‘urganida, u allaqachon o‘tkazilgan bo‘lardi.
Qolaversa, uni o‘zi ham moliyalashtirishi mumkin edi. Buni million marta aytganman: jangni moliyalashtir, chiptalarni sot, televideniye bilan shartnoma tuz va translyatsiya huquqini sot.
Hozir esa bularning barchasi shunchaki sirk. Keyingi uch-to‘rt kun ichida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lamiz va hammasi nima bilan tugashini ko‘ramiz», — dedi Uayt.
Avvalroq Fyuri — Joshua jangi 11-dekabr kuni Kardiffda o‘tkazilishi xabar qilingandi. Biroq Hirn Uaytning jangni tashkil etish jarayonida ishtirok etishiga qarshi chiqmoqda. Shu sababli britaniyalik bokschilar o‘rtasidagi kutilgan to‘qnashuv bekor qilinishi ham mumkin.