«Liverpul» himoyachisi Virjil van Deyk kelasi yozda «Barselona» safiga o‘tishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Niderlandiyalik futbolchi Kataloniya klubida o‘ynab ko‘rishni istamoqda va kelasi yozda o‘z xizmatlarini «Barselona»ga taklif qilishga tayyor.
«Van Deyk «Barselona» kiyinish xonasiga yetakchilik xususiyatlari va katta obro‘ olib kirgan bo‘lardi. Yoshiga qaramay, u hamon yuqori saviyada o‘ynamoqda.
Bundan tashqari, uning transferi uchun umuman pul to‘lash talab qilinmaydi, bu esa ushbu variantni yanada ishonarli qiladi», — deyiladi xabarda.
Biroq «Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik ushbu transfer variantiga unchalik ijobiy munosabatda emasligi qayd etilgan. Mutaxassis tajribali himoyachini jamoaga qo‘shib olish g‘oyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlamayapti.
Ma’lumot o‘rnida, kelasi yozda Virjil 36 yoshga to‘ladi. Agar u «Liverpul» bilan yangi shartnoma imzolamasa, «Barselona»ga erkin agent sifatida o‘tishi mumkin.
Avvalroq Van Deyk ushbu mavsum yakunlanganidan so‘ng «Liverpul»ni tark etishi mumkinligi ma’lum qilingandi.