«Manchester Yunayted»ning sobiq himoyachisi Rio Ferdinand klub hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun tajribali forvard jalb qilish kerakligini ta’kidladi.
Angliyalik sobiq futbolchining fikricha, jamoaga Benyamin Sheshkoga tushayotgan yuklamani kamaytirish va o‘z tajribasini yosh hujumchi bilan bo‘lishishga qodir futbolchi zarur. Ferdinand bunday nomzodlar qatorida Karim Benzema va Denni Uelbekni tilga oldi.
«Bizga yuklamani bo‘lishib oladigan va o‘z bilimlarini Sheshkoga o‘rgata oladigan tajribali hujumchi kerak. Xayolimga Uelbek va Benzema keladi. Ular hujumimizni sezilarli darajada kuchaytirishi mumkin edi», — dedi Ferdinand.
Qayd etish lozim, «Manchester Yunayted» bu mavsum APLda hujum borasida yuqori samaradorlik ko‘rsata olmayapti. Jamoa dastlabki besh turda raqiblar darvozasiga bor-yo‘g‘i 8 ta gol urgan.
Jamoa 5 turdan keyin chempionat turnir jadvalida 12-o‘rinni egallab turibdi.