Yaponiyadagi Osiyo o'yinlarining futbol musobaqasida Ravshan Haydarov boshchiligidagi terma jamoamiz yarim finalda yaponlarga yutqazdi va uchinchi o'rin uchun bahs olib boradi.
Shuningdek, yon qo'shnimiz – Qirg'iziston olimpiya terma jamoasi ham ushbu musobaqada qatnashib, guruhda Yaponiya, Tailand va Gonkongga qarshi bellashib, bir g'alaba va ikki mag'lubiyat qayd etdi.
Qirg'iziston bosh murabbiyi Nodir Mamadalievga ham bizning futbolimiz begona emas va ular ham vakillarimizga muxlislik qilishmoqda. Tribuna.uz jurnalisti esa Mamadaliev bilan suhbatlashdi.
- Qirg'iziston olimpiya terma jamoasining Osiyo o'yinlaridagi ishtirokiga qanday baho berasiz? Guruhda Tailand, Yaponiya va Gonkong bilan kuch sinashdi.
- Turnir boshlanishiga 10 kun qolganida terma jamoani qabul qilib oldim. Tarkiblar aniq bo'lib ulgurgandi va biz boshqa o'yinchilarni qo'sha olmadik. Biz aytilgan tarkib bilan bordik. Chunki olimpiya terma jamoasining oldingi bosh murabbiyi Qirg'iziston milliy jamoasi ustoziga aylangandi. Men esa uning o'rniga U23 jamoasiga bosh murabbiy bo'ldim. Albatta, Qirg'iziston o'z o'lkam bo'lgani uchun bu men uchun katta chaqiruv edi va mamlakat sharafini himoya qilish katta sharaf, shu bilan birga katta mas'uliyat hamdir. Aynan mas'uliyatni sezdim. Yaxshi natija bo'lmasa ham menga ko'p bosim bo'lishini bilardim. Lekin ikkinchi tomondan, bu o'z mamlakatim va men uchun ham yangi chaqiruv edi.
Osiyo o'yinlariga borib yaxshi o'yin ko'rsatdik. Birinchi uchrashuvni Tailandga qarshi o'tkazdik. 2:0 hisobida g'alaba qozonayotganimizda, 70-daqiqadan keyin uchta gol o'tkazib yuborib, yutqazib qo'ydik. Bundan ham yaxshi xulosa chiqardik. Ikkinchi turda esa Yaponiya bilan yutish o'yinini o'ynadik. O'zbekistonning Yaponiyaga qarshi uchrashuvini ham ko'rdikki, yaponlarga qarshi himoyaviy o'yin ko'rsatib bo'lmaydi. Agar himoyaviy futbol o'ynasangiz, Yaponiya o'zini bemalol yaxshi his qiladi. O'zbekiston birinchi bo'limda pressing qilib yaxshi o'ynadi. Ikkinchi taymda esa himoyaviy futbol o'ynagani uchun yaponiyaliklar o'zlarini xuddi suvdagi baliqdek sezib, ko'p vaziyatlar yaratdi. Biz ham xuddi shu narsaga duchor bo'ldik. Birinchi bo'limda ko'proq oldinga o'ynadik. Ikkinchi taymda esa ko'proq gollar o'tkazib yubordik. Pressingga borishga kuchimiz yetmasdan orqaroqda o'ynaganimiz uchun raqib gollar urdi. Uchinchi o'yinda Gonkong bilan bellashdik. Bu ham yaxshi jamoa. Tarkibida uchta yoshi katta futbolchilari bor. O'sha oxirgi o'yinda yutdik. Rahbariyat ishimizdan rozi bo'ldi. Chunki birinchi uchrashuvda ham yaxshi o'yin ko'rsatgandik. Faqat mental tomondan yutqazib qo'ydik. O'ylaymanki, keyingi safar ham klubda, ham terma jamoada yaxshi natijalar ko'rsata olamiz.
- O'zbekiston olimpiya jamoasining o'yinlarini kuzatdingiz va qanday baho berasiz?
- Albatta, o'yinlarini ko'rdim. Bu O'zbekiston U23 emas, U21 terma jamoasi edi. Yaponiyada jurnalistlar ham mendan ko'p so'rashdiki, ya'ni, qo'shni davlat O'zbekistonning jahon chempionatiga chiqqani sizlarga ham qo'shimcha «stimul» berdimi, sizlarga qanday ta'sir qilyapti, deyishdi. Albatta, O'zbekiston futbolchilarini ko'rdik, videolardagi o'yinlarini kuzatdik, har bir raqibga qarshi qo'rqmasdan o'ynay olishlarini ko'rsatib berishdi. Buni o'zimizning yigitlarga ham ko'rsatdik. Albatta, O'zbekiston Markaziy Osiyo jamoalariga yaxshi qadam tashladi. Biz ham sharqiy Osiyo jamoalariga, Yaponiya yoki Janubiy Koreya bo'ladimi, o'zimizga ishonib, ruhiy tomondan tayyor bo'lsak, Markaziy Osiyoga xos bo'lgan kurashuvchan xarakterni ko'rsata olsak, yaxshi bo'ladi. Buni O'zbekiston yaqqol ko'rsatdi. Agar O'zbekiston yarim finalda Yaponiyaga duch kelmasdan Koreya bilan o'ynaganda, albatta, ularni yutardi va finalda yaponlarga qarshi maydonga tushardi. Yana shuni ham unutmaslik kerakki, u yerda havo iqlimi nam. Futbolchilarimiz shuning evaziga ikkinchi taymda bunga chiday olmadilar. Lekin O'zbekistonda shunday iqlimda ham Yaponiya bilan bemalol o'ynay oladi.
- Uchinchi o'rin uchun terma jamoamiz Xitoy bilan bahs olib boradi. Imkoniyatni qanday baholayapsiz?
- Xitoyni tahlil qilganmiz, chunki o'zimiz ham o'ylaganmiz, agar ikkinchi o'rin bilan chiqsak, xitoyliklarga qarshi o'ynashimizni bilardik. Xitoy uch nafar yoshi katta o'yinchilarni olgan va 3-5-2 taktikasida harakat qiladi. O'zbekiston jismoniy holatini yaxshilasa, nam havoda tiklana olsa, bemalol o'ynaydi. Eron ham guruhda qolib ketdi, Saudiya ham. O'sha iqlimga Osiyoning narigi qit'asidagi jamoalar ko'proq moslashgani uchun bemalol o'ynashdi. Agar shu muammoni hal qilib, Yaponiyaga qarshi birinchi bo'limda ko'rsatgan o'yinini to'liq namoyish qilsa, O'zbekiston raqibini bemalol yutadi, muammo bo'lmaydi.
Qirg'iziston bosh murabbiyi: «Yaponiyada jurnalistlar mendan O'zbekiston haqida ko'p so'rashdi»
Eksklyuziv
3 oktabr, 03:46
Tribuna.uz jurnalisti esa Mamadaliev bilan suhbatlashdi.
Фото: КФУ