Niderlandiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Ronald Kuman JCH-2026 guruh bosqichining 2-turida Shvetsiya ustidan qozonilgan 5:1 hisobidagi g‘alabaga baho berdi.
Mutaxassis ayniqsa Brayan Brobbining ilk golini alohida e’tirof etdi.
«Birinchi golda men ko‘rishni istagan barcha jihatlar mujassam edi. Biz Brayan shunday vaziyatlarni yaratishga qodir ekanini bilamiz. Bart Verbryuggen hujumni ajoyib boshladi. Keyin tezlikdan foydalandik va Brayan yana darvoza qarshisida paydo bo‘ldi. Ayniqsa hujum darvozabondan boshlanganini hisobga olsak, bundan ham ideal golni tasavvur qilish qiyin», — dedi Kuman.
Murabbiy Yaponiya bilan o‘yindagi durangdan (2:2) keyin jamoa bosim ostida bo‘lganini ham tan oldi.
«Albatta, g‘alaba qozonishni istardik. Turnirni g‘alaba bilan boshlash doimo xotirjamlik beradi. Shvetsiyaga qarshi o‘yin oldidan bosim yuqoriroq edi, chunki bu bahsda albatta yutishimiz kerakligini bilardik. Lekin men asabiylikni his qilmadim. Birinchi o‘yindan keyin jamoaning qanday ishlayotganini va futbolchilarning kayfiyatini ko‘rib, hammasi nazorat ostida ekanini tushunasiz.
Ehtimol, bu safar amalga oshirilgan o‘zgarishlar oldingi o‘yinga qaraganda yaxshiroq bo‘lgandir», — dedi u kulib.
Shunga qaramay, murabbiy jamoa hali mukammal o‘yin namoyish etmaganini ta’kidladi.
«Natija ajoyib, ammo hali yaxshilashimiz kerak bo‘lgan vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi. Faqat shundagina o‘yin to‘liq mukammal bo‘ladi. Bugun biz shunga juda yaqin keldik», — dedi Kuman.
Kuman, shuningdek, dubl muallifi Brayan Brobbi son orqa mushagida noqulaylik his qilganini va uning keyingi o‘yindagi ishtiroki hozircha noma’lum ekanini ma’lum qildi.
Memfis Depay haqida esa murabbiy quyidagicha fikr bildirdi:
«Yaqin orada Memfis asosiy tarkibda maydonga tushadigan vaqt kelishi mumkin. Biroq bu boshqa futbolchilarning qanday o‘ynashiga ham bog‘liq. U jamoa uchun juda muhim futbolchi va sheriklariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Hozircha u o‘z rolini qabul qilgan. Ammo bu qancha davom etishini bilmayman.»
Eslatib o‘tamiz, Niderlandiya 2-turda Shvetsiyani 5:1 hisobida mag‘lub etdi va 4 ochko bilan F guruhi peshqadamiga aylandi. Shvetsiya hisobida 3 ochko mavjud. Yaponiya 1 ochko bilan uchinchi, Tunis esa ochkosiz so‘nggi o‘rinda bormoqda.