Niderlandiya milliy jamoasi hujumchisi Brayan Brobbi JCH-2026 guruh bosqichining 2-turida Shvetsiya ustidan qozonilgan 5:1 hisobidagi g‘alabadan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Mazkur uchrashuvda dubl qayd etgan futbolchi jamoaning birdamligi asosiy omil bo‘lganini aytdi.
«O‘yin natijasiga bevosita ta’sir qila olish har doim ajoyib his-tuyg‘u beradi. Menimcha, bugun biz haqiqiy jamoa sifatida juda yaxshi o‘ynadik.
Jamoamiz juda ahil. Biz bir-birimiz uchun kurashishga tayyormiz va eng muhimi ham shu», — dedi Brobbi FIFA matbuot xizmatiga.
Eslatib o‘tamiz, Niderlandiya Shvetsiyani 5:1 hisobida mag‘lub etdi. Brayan Brobbi uchrashuvning 5 va 17-daqiqalarida gol urib, jamoasining yirik g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
Ushbu natijadan so‘ng «uchar gollandlar» 4 ochko bilan F guruhi peshqadamiga aylandi. Shvetsiya esa 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.