«Barselona» darvozaboni Inyaki Penya yaqin kunlarda Gretsiyaning «Panatinaikos» klubiga ko‘chib o‘tadi.
MARCA nashrining xabar berishicha, tomonlar transfer bo‘yicha to‘liq kelishuvga erishgan. Grek klubi ushbu transfer uchun 3 million yevro to‘laydi.
Manbaga ko‘ra, 27 yoshli posbon «Panatinaikos» bilan uch yillik shartnoma imzolaydi. Kelishuvda yana bir mavsumga uzaytirish bandi ham mavjud. Hujjatlar bugun yoki ertaga rasman imzolanishi kutilmoqda.
Inyaki Penya «Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U o‘tgan mavsumni ijara asosida «Elche» safida o‘tkazib, Ispaniya chempionatida 16 ta bahsda maydonga tushdi va o‘z darvozasidan 28 ta gol o‘tkazib yubordi.
Ma’lumot uchun, Transfermarkt portali Inyaki Penyaning transfer qiymatini 4 million yevroga baholagan. Darvozabon asosiy tarkibdan joy olishdagi qiyinchiliklar sabab so‘nggi yillarda muntazam ravishda boshqa klublarga ijaraga berib kelinayotgandi.