Braziliya milliy jamoasi va «Barselona» vingeri Rafinya Diasning oilasi sobiq futbolchi Vampetaning so‘zlariga keskin munosabat bildirdi.
2002 yilgi jahon chempioni avvalroq Rafinya shaxsiy hayotidagi muammolarni boshdan kechirayotgani va vaziyatni o‘zgartirish maqsadida Saudiya Arabistonining «Al Hilol» klubiga o‘tish variantini ko‘rib chiqayotgani haqida gapirgandi. Vampetaning ta’kidlashicha, bu ma’lumot unga futbolchiga yaqin insonlardan yetib kelgan.
Biroq Rafinyaning qarindoshlari ushbu ma’lumotlarni rad etdi. Futbolchining amakivachchasi Igor Padilya ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan intervyu parchasiga javob qaytardi.
«Bu yolg‘onlar uchun izoh berishingga to‘g‘ri keladi, do‘stim», — dedi Padilya Goal.com nashriga.
Ma’lumot uchun, hozirda Rafinyaning asosiy e’tibori son orqa qismidagi jarohatdan tiklanishga qaratilgan. Futbolchi ushbu jarohatni Haiti milliy jamoasiga qarshi bahsda olgan va uning Jahon chempionatining qolgan o‘yinlarida maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi.