Argentina milliy jamoasi JCH-2026 guruh bosqichining 1-turida Jazoirni 3:0 hisobida mag‘lub etib, so‘nggi uch mundialdagi ilk g‘alabali startini qayd etdi.
Lionel Skaloni shogirdlari uchun ushbu muvaffaqiyat alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki argentinaliklar avvalgi ikki jahon chempionatida turnirni kutilganidek boshlay olmagandi.
JCH-2018da Argentina ilk turda Islandiya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, JCH-2022da sensatsion tarzda Saudiya Arabistoniga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
Bu safar esa amaldagi jahon chempionlari Lionel Messining xet-trigi evaziga mundialni ishonchli g‘alaba bilan boshladi.
Shu tariqa Argentina 2014 yilgi mundialdan buyon ilk bor jahon chempionatidagi dastlabki uchrashuvda g‘alaba qozondi. O‘shanda argentinaliklar Bosniya va Gersegovinani 2:1 hisobida mag‘lub etgandi.
Jazoir ustidan qozonilgan g‘alaba «albiseleste»ga J guruhi peshqadamligi uchun muhim uch ochkoni taqdim etdi.
Argentina keyingi turda 22 iyun kuni Avstriyaga qarshi maydonga tushadi.