Argentina milliy jamoasi hujumchisi Lionel Messi JCH-2026 guruh bosqichining 1-turida Jazoirga qarshi uchrashuvdan (3:0) so‘ng o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.
38 yoshli futbolchi ushbu bahsda xet-trik qayd etib, jamoasining ishonchli g‘alabasini ta’minladi.
«Bu mening oltinchi jahon chempionatim va men hali ham o‘zimni yaxshi his qilyapman. Biz qiyin uchrashuvda g‘alaba qozondik. Jahon chempionatida g‘alaba bilan boshlash doimo muhim, chunki bu turnirda oson o‘yin bo‘lmaydi», — dedi Messi.
Argentina sardori o‘z faoliyatidagi yutuqlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Faoliyatim davomida juda ko‘p ajoyib lahzalarni boshdan kechirdim. Hozir sodir bo‘layotgan voqealar esa men uchun yoqimli bonus», — deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, Messi birinchi goldan keyin ko‘z yosh to‘kkani haqida ham izoh berdi.
«Ha, birinchi goldan keyin yig‘ladim. Ammo bu futbol bilan bog‘liq emas edi. Hayotimda og‘ir kunlarni boshdan kechirdim. Delegatsiya a’zolari va jamoadoshlarim doimo yonimda bo‘lishdi va menga katta kuch berishdi. Men ulardan minnatdorman», — dedi argentinalik afsona.
Eslatib o‘tamiz, Jazoirga qarshi xet-trikdan so‘ng Messi jahon chempionatlaridagi gollari sonini 16 taga yetkazib, mundial tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar qatoriga chiqdi.
Argentina milliy jamoasi guruh bosqichining navbatdagi turida 22 iyun kuni Avstriya bilan kuch sinashadi.