Argentina milliy jamoasi hujumchisi Lionel Messi JCH-2026 guruh bosqichining 1-turida Jazoirga qarshi uchrashuvda (3:0) maydonga tushib, jahon chempionatlari tarixidagi yana bir rekordni o‘rnatdi.
38 yoshli futbolchi ushbu bahsda Argentina terma jamoasini sardor sifatida boshlab chiqdi va mundiallardagi sardorlik o‘yinlari sonini 20 taga yetkazdi.
Shu tariqa, Messi jahon chempionatlari tarixida eng ko‘p sardorlik bog‘ichini taqqan futbolchiga aylandi.
Avvalgi rekord Meksika afsonasi Rafael Markesga tegishli bo‘lib, u mundiallarda 17 uchrashuvda sardor sifatida maydonga tushgandi. Uchinchi o‘rinda esa Argentina futboli afsonasi Diego Maradona qayd etilgan — 16 ta o‘yin.
Jazoirga qarshi bahs Messi uchun har tomonlama tarixiy bo‘ldi. Argentinalik yulduz uchrashuvda xet-trik qayd etib, jahon chempionatlaridagi gollari sonini 16 taga yetkazdi.
Natijada u Germaniya milliy jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Kloze bilan birgalikda mundiallar tarixidagi eng yaxshi to‘purarlarga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, Messi ushbu uchrashuvda poker qayd etishga ham yaqin kelgandi, biroq 5-daqiqada urgan goli ofsayd sabab bekor qilindi.