Argentina milliy jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni JCH-2026 guruh bosqichining ilk turida Jazoir ustidan qozonilgan 3:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Eslatib o‘tamiz, uchrashuv qahramoni Lionel Messi bo‘lib, u xet-trik qayd etdi.
«Leo meni so‘zsiz qoldirdi. Men u haqida yana nima deya olaman? U aqlbovar qilmas futbolchi. U buni 20 yildan beri amalga oshirib kelmoqda. Futbol olamidagi barchaning uni tomosha qilishdan zavq olishi bejiz emas», — dedi Skaloni.
Mutaxassis Argentina milliy jamoasining o‘yin uslubiga ham alohida to‘xtaldi.
«To‘p bilan muomala qilishda biz hech qachon taslim bo‘lmaymiz. Bu bizning uslubimiz va buni doimo yodda tutish muhim», — deya ta’kidladi murabbiy.
Skaloni mundialdagi ilk uchrashuvlarning doimo murakkab kechishini eslatib o‘tdi.
«Birinchi o‘yin har doim qiyin bo‘ladi. O‘tgan jahon chempionatida biz muvaffaqiyatsiz start olgandik, shu sabab bugun yaxshi boshlashimiz juda muhim edi», — dedi u.
Shuningdek, argentinalik mutaxassis raqib jamoaga ham yuqori baho berdi.
«Bizni qiyin o‘yin kutayotganini bilardik. Jazoir yaxshi o‘ynaydigan jamoa. Ular juda katta ishni amalga oshirdi va bu biz uchun oson uchrashuv bo‘lmadi», — deya yakunladi Skaloni.
Argentina ushbu g‘alabadan so‘ng J guruhi peshqadamlaridan biriga aylandi. «Albiseleste» keyingi turda Avstriyaga qarshi maydonga tushadi.