Fransiyaning «Parij» klubi sobiq «Chelsi» bosh murabbiyi Liam Roseniorni jamoaga taklif qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Foot Mercato nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, klub amaldagi murabbiy Antuan Kombuare bilan xayrlashishi mumkin. Mutaxassisning amaldagi shartnomasi 2027 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lsa-da, u kelishuvni 2028 yilgacha uzaytirishni istamoqda.
Biroq tomonlar hozircha yangi bitim borasida kelishuvga erisha olmagan. Shu sababli «Parij» rahbariyati muqobil variantlarni o‘rganishni boshlagan.
Nomzodlardan biri sifatida Liam Rosenior ko‘rilmoqda. Avvalroq L’Equipe nashri ingliz mutaxassisi «Chelsi»dagi omadsiz davrdan so‘ng murabbiylik faoliyatida tanaffus qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi.
Shunga qaramay, fransuz klubi uning xizmatlariga jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Parij» o‘tgan mavsum Liga 1 turnir jadvalida 11-o‘rinni egallagan edi. Klub yangi mavsum oldidan jamoani kuchaytirish va natijalarni yaxshilashni maqsad qilgan.