G'uzorda «Mash'al» hamda «So'g'diyona» jamoalari o'rtasidagi o'yinda mehmonlar 1:3 hisobida muhim g'alabani qo'lga kiritdi. Doriyev het-trikka erishib, jizzaxliklarning g'alabasini ta'minladi. O'yindan keyin «So'g'diyona» bosh murabbiyi Ulug'bek Boqoyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yinni yaxshi boshladik. Dastlabki hujumdayoq vaziyat yaratdik va tezda gol urdik. Birinchi bo'lim davomida o'yinni nazorat qildik, yana bir nechta yaxshi imkoniyatlarimiz ham bo'ldi. Ikkinchi bo'limda ham xuddi shunday bo'ldi: tez orada ikkinchi golni, keyin uchinchi golni urdik va shundan keyin o'ynash ancha osonlashdi. «Mash'al»ni yaxshi bilamiz. Bu jamoaning tezkor qarshi hujumlari, qanotlardan uyushtiradigan hujumlari xavfli ekanini oldindan tahlil qilgandik. Ketma-ket ikkita mag'lubiyatdan keyin bugungi g'alaba yigitlarga, avvalo, ruhiy jihatdan katta ko'tarinkilik berdi. Bu natija turnir jadvali nuqtai nazaridan ham muhim edi. Shu bois futbolchilarni g'alaba bilan tabriklayman. Endi esa chempionatning keyingi uchrashuvlariga tayyorgarlik ko'rishda davom etamiz.
- Ulug'bek aka, «Mash'al»ning birinchi bekor qilingan goli epizodida siz yon hakamga keskin e'tiroz bildirdingiz va bu holat gol bekor qilinguniga qadar davom etdi. Hatto buning uchun sariq kartochka ham oldingiz. Nega aynan yon hakamga bunchalik e'tiroz qildingiz?
- Men vaziyatni shunday ko'rdimki, «Mash'al»ning hujumi vaqtida ularning futbolchisi to'pni qo'li bilan o'ynadi. Demak, o'sha vaziyatning o'zida o'yin to'xtatilishi kerak edi. Ammo o'yin davom etdi va ular gol urishdi.
Shundan keyin hakam bilan gaplashdim va ko'rganimni aytdim: futbolchining qo'liga to'p tekkani ko'rdim. Bu qoida buzilishi edi, shuning uchun gol hisobga olinmasligi kerak deb hisobladim. Gap shundan iborat.
- G'alaba qozonayotgan bo'lsangiz ham yosh hujumchilarga uncha ko'p imkoniyat bermayotgandek ko'rinasiz...
- Maydonda o'ynash uchun futbolchi, avvalo, bunga munosib ekanini isbotlashi kerak. Uning saviyasi jamoa talabiga mos keladimi yoki yo'qmi — buni mashg'ulotlar va o'yinlar ko'rsatadi. Kim nimaga qodir bo'lsa, shunga yarasha imkoniyat oladi. Shu sabab bugun ayrim futbolchilarga dam berdik, ayrimlariga ko'proq vaqt berdik, boshqalariga esa o'zini ko'rsatish imkonini yaratdik. Ba'zilari kecha ham o'rinbosarlar tarkibida maydonga tushgan edi. Bu odatiy jarayon. Albatta, yoshlar ko'proq o'ynashini istaymiz. Lekin hozirgi vaziyat shundayki, har qanday xato golga sabab bo'lishi mumkin. Futbolda esa keyin har narsa yuz berishi ehtimoldan holi emas. Shu bois biz raqibni ham, futbolni ham hurmat qilamiz. Keraksiz tavakkal qilmaymiz va futbolchilarga ayni paytda zarur bo'lgan vaqtni beramiz.
- Doriyevning jamoa bilan shartnomasi qancha muddatga tuzilgan?
- Yaqinda uning shartnomasi uzaytirildi. Adashmasam, uch yoki to'rt yilga. Aniq muddatini bilmayman, bu masalani rahbariyat yaxshi biladi.
Lekin bugun o'zingiz ham ko'rdingiz: uning ijrochilik mahorati, futbol sifati, fidoyiligi va g'alabaga bo'lgan intilishi juda yuqori. O'yin vaqtida qanday ishtiyoq bilan harakat qilishini ko'ryapsiz. U bizning yosh futbolchilarimiz uchun, umuman barcha uchun namuna. Legioner futbolchi maydonda qanday harakat qilishi kerakligining ham yorqin namunasi. U nafaqat gollar urib, jamoaga natija keltiryapti, balki ruhiy jihatdan ham katta yordam bermoqda, yosh futbolchilarning rivojlanishiga ham ijobiy ta'sir ko'rsatyapti. Shuning uchun unga shaxsan katta rahmat aytaman.
Ulug'bek Boqoyev: «Doriyev yosh futbolchilarimiz, umuman barcha uchun namuna»
Eksklyuziv
2 avgust, 14:06
«So'g'diyona» bosh murabbiyi «Mash'al»ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Фото: Сўғдиёна ПФК
02.08.2026
FT
O‘zbekiston Superligasi
Mashal
1
:
3
So'g'diyona