Superliga 15-turida "Andijon" o'z maydonida "Paxtakor" bilan nursiz durang qayd etdi. "Burgutlar" darvozaboni Eldor Adhamov ham jamoadoshlari kabi mahoratini ko'rsata oldi. U o'z jamoasining darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga muvaffaq bo'ldi. Ayniqsa, ikkinchi bo'lim o'rtalarida muqarrar goldan qutqarib qoldi. Adhamov "Andijon" matbuot xizmatiga o'yin haqidagi fikrlari va o'sha seyv haqida to'xtalib o'tdi.
"O'yin qizil kartochkagacha teng kurashlar ostida o'tdi, deb o'ylayman. Ularda ham, bizda ham hujumlar bo'ldi. Lekin biz uchun ijobiy tugadi, deb o'ylayman. Chunki "Paxtakor"ga qarshi bir ochko ham yaxshi natija. Ular chempionlik uchun kurashayotgan jamoa, o'zini boy tarixiga ega. Lekin o'yin bo'yicha raqibdan qolishmadik. Kerak bo'lsa, "Paxtakor" ham himoyalanishga majbur bo'ldi.
O'sha seyv amalga oshirgan vaziyatga to'xtaladigan bo'lsam, "Paxtakor" futbolchisi uzoq burchakka tepadi, deb o'ylagandim. Lekin u nariga tarafga, sababi himoyachilar bu tomonda edi va men zarbani uzoq burchakka yo'naltilishini kutayotgandim. Yaxshiki, omadli chiqdi, xavfli zarbani bartaraf eta oldik. Bu har bir darvozabonni vazifasi deb o'ylayman, ortiqcha hech narsa yo'q", - deydi Adhamov.