Superliganing 15-turida "Mashʼal" Gʻuzorda "Soʻgʻdiyona"ni qabul qildi. Turnir jadvalida oxirgi oʻrinda qolayotgan va ochkolar suv va havodek zarur boʻlib turgan "Mashʼal" raqibiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib qoʻydi. Oʻyindan keyin muborakliklar bosh murabbiyi Sergey Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.
- Izohsiz. Shunday desa ham boʻladi. Bu yerda nimani izohlash mumkin? Hech narsani. 3:1 hisobida yutqazdik, buning ustiga haqli ravishda magʻlub boʻldik. Himoyada shunday oʻynasak, biror natija haqida orzu qilishning oʻzi qiyin. Endi oldinga qarab harakat qilamiz, baribir boshqa yoʻlimiz yoʻq. Raqibni tabriklayman. Bu oʻyin biz uchun olti ochkolik bahs edi. Endi himoyadagi oʻyinimizni qanday yaxshilash haqida bosh qotirishimiz kerak.
- Bugun faqat Doriyev gol urdi?!
- Buni Doriyevning oʻzidan soʻrash kerak. Doriyev sifatli, mahoratli futbolchi. Agar shunday futbolchiga toʻpni jarima maydonchasi ichida qabul qilib, zarba berish imkonini bersangiz, bu gol bilan yakunlanadi. Axir aytdim-ku, nega gol urgani. Boshqalarda ham imkoniyatlar boʻldi, ammo ular foydalana olmadi. Doriyev esa sifatli futbolchi.
Aslida bizning asosiy muammo markaziy himoyachilar bilan bogʻliq edi. Bu haqida bir necha bor aytganmiz. Yoshlar jamoasidagi futbolchilar bilan ishlayapmiz. Hozir toʻrt nafar futbolchi muntazam ravishda asosiy tarkib bilan mashgʻulot oʻtkazyapti. Ulardan birini koʻrdingiz — menimcha, Xolmatov edi. Oʻylaymanki, yaqin orada boshqalarini ham koʻrasiz. Hozir yangi futbolchilarni asta-sekin asosiy tarkibga moslashtiryapmiz, ayrim oʻzgarishlar qilyapmiz. Keyin natija qanday boʻlishini kuzatamiz.
- Maydonga tushdi, gol ham urdi. Ilk oʻyin uchun yomon taassurot qoldirmadi. Uning jarohati haqida xabardormisiz? Nimalarni bilasiz?
- Ha, menimcha, uning tizzasi orqaga qayrilib ketdi. Ehtimol, orqa xochsimon bogʻlamida qisman uzilish bor. Xudo xohlasa, jiddiy boʻlmasin. Yigit hali yosh, shuning uchun umid qilamizki, hammasi yaxshi boʻladi. Avvalo MRT (yoki boshqa tekshiruv) qilish kerak. Tekshiruvdan keyin aniq xulosa chiqadi. Nazarimda, yaqin kunlarda maydonga qaytishi qiyin. Eng muhimi, sogʻayib ketsin.
- Jamoaning safar oʻyinlari uchun mablagʻ topa olmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. "Mashʼal"da ham moliyaviy qiyinchiliklar bor. "Bunyodkor"da kuzatilgan holat "Mashʼal"da ham takrorlanmaydimi?
- Qandaydir yoʻlini topyapmiz. "Bunyodkor"dagi vaziyat qanday boʻlganini aniq bilmayman. Balki mablagʻ boʻlmaganida oʻyinni boshqa muddatga koʻchirish mumkin edi. Baribir hammamiz yaxshilikka umid qilyapmiz. Kim bilan gaplashmay, deyarli jamoalarning yarmi hali ham maosh olmaganini aytishyapti. Keyin nima boʻlishini bilmayman, lekin tez orada pul berishlarini vada qilishyapti", - deya Lushanning soʻzlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.