«Manchester Siti» bosh murabbiyi Enso Mareska jamoaning sobiq ustozi Xosep Gvardiola Chempionlar Ligasi doirasidagi «PSJ»ga qarshi bahsni tomosha qilish uchun tashrif buyurishi mumkinligi haqida fikr bildirdi.
«Men u bilan «MYU»ga qarshi bahsdan keyin gaplashgandim. Shu sababli uning qanday rejalari borligini bilmayman. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri stadionga keladimi yoki avval mashg‘ulot bazasiga tashrif buyuradimi — bu haqda ham ma’lumotim yo‘q. Bu hamma uchun, ayniqsa, muxlislar uchun hayajonli voqea, ammo hozircha Pepning rejalari qanday ekanini bilmayman», — dedi Mareska matbuot anjumanida.
Ma’lumot uchun, Gvardiola «Manchester Siti»ni uzoq yillar davomida boshqargan va klub bilan ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, «Manchester Siti» 14-oktyabr kuni Chempionlar Ligasi doirasida «PSJ»ni qabul qiladi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.