Fransiya milliy jamoasi himoyachisi Ibraima Konate JCh-2026 uchinchi o‘rin uchun Angliyaga qarshi bahs oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Biz Fransiya sharafini himoya qilish majburiyatiga egamiz. Ko‘pchilik bizning o‘rnimizda bo‘lishni istardi. Ammo hech birimiz bu bahsda o‘ynashni xohlamaymiz, chunki maqsadimiz finalga chiqish edi. Shunga qaramay, burchimizni oxirigacha bajarishimiz kerak», — dedi Konate.
Shuningdek, himoyachi ushbu bahs Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Didye Desham uchun so‘nggi o‘yin bo‘lishi haqida ham gapirdi.
«Biz avvalo o‘zimiz uchun g‘alaba qozonishni istaymiz. Albatta, ikkinchi navbatda bu g‘alabani Desham uchun ham qo‘lga kiritishni xohlaymiz. U Fransiya futboli va biz uchun juda ko‘p ish qildi. Biz jahon chempionatida ishtirok etayotgan bo‘lsak, bu ham uning tanlovi tufayli. Shuning uchun undan minnatdor bo‘lishimiz kerak.
Tarkibda rotatsiya bo‘lishi mumkin, ammo maydonga tushadigan har bir futbolchi g‘alaba uchun kurashadi. Bu Fransiya va Angliya o‘rtasidagi bahs. Ikki davlat o‘rtasida katta tarix bor. Biz ushbu tarixni, gerbimizni va stadionga keladigan muxlislarni hurmat qilishimiz shart», — dedi Konate.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya va Angliya JCh-2026ning uchinchi o‘rni uchun o‘zaro to‘qnash keladi. Fransuzlar yarimfinalda Ispaniyaga 0:2 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, Angliya Argentina bilan bahsda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.