Fransiya milliy jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe JCh-2026 uchinchi o‘rin uchun Angliyaga qarshi bahsdan so‘ng bosh murabbiylik lavozimini tark etadigan Didye Deshamga murojaat qildi.
«Bugun sening so‘nggi raqsing. Sen bizga juda ko‘p narsa berding.
Biz senga bundan ham yaxshiroq yakun hadya etishni istagandik, ammo buning uddasidan chiqa olmadik. Shu 14 yil davomida jamoamiz uchun qilgan ishlaringni so‘z bilan ifodalash juda qiyin. Chunki aynan sen Fransiya milliy jamoasining qayta tiklanishida hal qiluvchi rol o‘ynading.
Odamlar har doim ham sening buyukligingni munosib baholay olishmadi. Ammo vaqt va tarix buning haqiqiy bahosini beradi.
Menga imkon berganing, shuncha yil davomida mamlakatim sharafini eng yuksak darajada himoya qilishimga ishonch bildirganing uchun rahmat. Mamlakatimizning eng buyuk afsonalaridan biri bilan birga ishlash men uchun katta sharaf bo‘ldi. Birgalikda boshdan kechirgan barcha lahzalar va erishgan yutuqlarimiz haqida faqat iliq xotiralarim bor.
Senga yangi faoliyatingda omad tilayman va biz uchun juda qadrli bo‘lgan ushbu libos uchun qilgan barcha ishlaring uchun yana bir bor rahmat», — deb yozdi Mbappe.
Didye Desham 2012 yildan buyon Fransiya milliy jamoasini boshqarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida «uchranglilar» JCh-2018 g‘olibiga aylandi, Yevro-2016 va JCh-2022 finallariga chiqdi, shuningdek UEFA Millatlar ligasi-2021 bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, Angliyaga qarshi uchinchi o‘rin uchun bahs Deshamning Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi so‘nggi uchrashuvi bo‘ladi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi