«Chelsi» hujumchisi Nikolas Jekson «Aston Villa»ga ko‘chib o‘tishi mumkin. Bu haqda taniqli transfer insayderi Fabrisio Romano xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Morgan Rojers transferi yuzasidan «Chelsi» va «Aston Villa» o‘rtasida o‘tgan muzokaralarda Jeksonning nomi ham muhokama qilingan.
Xabarda aytilishicha, «Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri senegallik hujumchini yaxshi biladi. Ispaniyalik mutaxassis avvalroq «Vilyarreal»da Jekson bilan birga ishlagan. Shuningdek, Emeri uni o‘tgan yozda ham jamoasiga olib kelishni istagan edi.
Hozircha tomonlar o‘rtasida yakuniy kelishuvga erishilgani yo‘q. Muzokaralar davom etmoqda va Jeksonning ehtimoliy transferi Rojers bo‘yicha bitim tafsilotlariga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.