Fransiyalik yarimhimoyachi Pol Pogba uzoq tanaffusdan so‘ng «Monako» safida yana maydonga qaytdi. 33 yoshli futbolchi mavsumoldi o‘rtoqlik bahsida «Sen-Priyest»ga qarshi uchrashuvning ikkinchi bo‘limida maydonga tushdi.
«Monako» mazkur bahsda 5:2 hisobida g‘alaba qozondi. Pogba gol yoki assist qayd etmagan bo‘lsa-da, uning maydonga qaytgani klub va muxlislar uchun muhim voqea bo‘ldi. Yarimhimoyachi shu orqali yangi murabbiylar shtabi oldida jismoniy holatini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Pogba uchun o‘tgan mavsum omadsiz kechdi. Jarohatlar sabab u barcha musobaqalarda atigi 133 daqiqa harakat qildi va faqat bir marta asosiy tarkibda maydonga tushdi. Bu bahs 2 may kuni «Mets»ga qarshi kechgan edi.
Shu bilan birga, Pogbaning «Monako»dagi kelajagi hanuz mavhumligicha qolmoqda. Klub bosh direktori Tiago Skuro futbolchining yozgi transfer oynasida jamoani tark etishi ehtimolini inkor etmadi.
«Ha, albatta, bunday ehtimol bor. Balki u ketar, balki qoladi. Bu juda murakkab masala. Biz, avvalo, Pogbani inson sifatida juda hurmat qilamiz. U kelganida ijobiy kayfiyat olib keldi, yosh futbolchilarga yordam berdi. Ammo rostini aytish kerak, o‘tgan mavsumdagi loyiha biz kutgandek ishlamadi», — dedi Skuro.
Klub rahbariyati Pogbaning yuqori maoshi va shartnomasining so‘nggi yiliga kirayotganini ham inobatga olmoqda. Shu sababli uning jamoada qolishi yoki transferga qo‘yilishi masalasi yoz davomida hal etiladi.
Yangi bosh murabbiy Filipi Luis esa yakuniy qarorni qabul qiladigan asosiy shaxs bo‘ladi. Murabbiy mavsumoldi yig‘inlari davomida Pogbaning jismoniy va texnik tayyorgarligini baholab, unga yangi mavsumda imkon berish yoki bermaslik borasida qaror chiqaradi.
Eslatib o‘tamiz, Pol Pogba 2018 yilgi jahon chempioni hisoblanadi. So‘nggi yillarda u ketma-ket jarohatlar va boshqa muammolar sabab faoliyatidagi eng murakkab davrni boshdan kechirmoqda.