«Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 5-turi doirasida «Galatasaroy»ga qarshi bahs oldidan jamoasining mashg‘ulotni Angliyada o‘tkazishiga izoh berdi.
Ushbu qaror Istanbul klubining uy stadioni — «RAMS Park» maydonida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani bilan bog‘liq. Shu sababli birmingemliklar Turkiyaga yo‘l olishdan bir kun oldin mashg‘ulotni o‘z bazasida o‘tkazdi.
«Bu bizning odatiy yondashuvimizni o‘zgartirmaydi. Biz avval Boudmur-Hitdagi bazamizda shug‘ullanib, keyin boshqa mamlakatga yo‘l olishni afzal ko‘ramiz. Ayrim holatlarda bundan istisno qilamiz. Uzoq safar va vaqt mintaqasi o‘zgarishi kutilganida, mezbon mamlakatda mashg‘ulot o‘tkazamiz. O‘tgan yili «Fenerbahche» bilan bahs oldidan ham shunday qilganmiz.
Albatta, agar stadionda mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyati bo‘lganida, ehtimol, shunday qarorga kelgan bo‘lardik. Ammo bu bizning tartibimizni o‘zgartirmaydi.
Bu bahona emas, chunki vaziyat ikkala jamoaga ham birdek taalluqli. Biz tayyormiz, diqqatimizni jamlaganmiz va raqibni tahlil qilyapmiz», — deya Emerining so‘zlarini keltiradi BBC.
Eslatib o‘tamiz, «Galatasaroy» va «Aston Villa» o‘rtasidagi bahs bugun, 24-noyabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:45 da boshlanadi.