Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Didye Desham JCH-2026 guruh bosqichining 1-turida Senegal ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng Usmon Dembele va Maykl Olisening pozitsiyalari almashtirilganiga izoh berdi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limidan so‘ng Desham taktik o‘zgarishga qo‘l urdi. Natijada Dembele o‘ng qanotga o‘tdi, Olise esa markaziy hududda harakat qila boshladi.
«Maykl to‘p bilan qanchalik ko‘p uchrashsa, shunchalik yaxshi. U raqibning himoya va yarim himoya chizig‘i orasida to‘p qabul qila oladi hamda hujumchilarimizni qulay vaziyatga chiqarishni biladi. Men jamoamizning o‘yini yanada yaxlit bo‘lishi uchun shunday qaror qabul qildim», — dedi Desham.
Mazkur taktik o‘zgarish o‘z samarasini berdi. Ikkinchi bo‘limda Fransiya o‘z ustunligini oshirib, Senegal darvozasiga uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Uchrashuvda Kilian Mbappe dubl qayd etgan bo‘lsa, yana bir golga Bredli Barkola mualliflik qildi. Senegal safida yagona javob to‘pini Mbaye kiritdi.
Fransiya guruh bosqichining 2-turida 23 iyun kuni Iroq bilan, 3-turda esa 26 iyun kuni Norvegiya bilan bahs olib boradi.