Braziliya milliy jamoasining sobiq hujumchisi Ronaldo Lionel Messining JCH-2026dagi o‘yini haqida fikr bildirib, argentinalik futbolchini barcha davrlarning eng yaxshi futbolchisi deb atadi.
Ikki karra jahon chempionining fikricha, Messi erishayotgan natijalar endi hech kimni hayratga solmasligi kerak.
«Rekordlar yangilanish uchun yaratilgan. Ularni yangilayotgan inson esa dunyodagi hech bir futbol muxlisini hayratda qoldirmaydi. Qolaversa, Argentina amaldagi jahon chempioni hisoblanadi», — dedi Ronaldo.
Braziliyalik afsona Messining maydondagi ta’siriga ham alohida to‘xtaldi.
«Messi maydonga tushgan har safar atrofdagi hamma narsa tarixiy va nafis ko‘rinadi. Dunyo yashirinishni bas qilib, uning barcha davrlarning eng yaxshi futbolchisi ekanini tan olishi kerak», — deya ta’kidladi u.
Ronaldo Messining yillar davomida barqaror o‘yin ko‘rsatayotganiga qaramay, hanuz ayrim shubhalarga duch kelayotganini ham qayd etdi.
«U har mavsum va jahon chempionatlarida natija ko‘rsatishda davom etmoqda. Shunga qaramay, ayrimlar undan hanuz shubhalanishadi. Bu unutilmas va tarixiy tun bo‘ldi», — dedi braziliyalik afsona.
Eslatib o‘tamiz, Messi JCH-2026 guruh bosqichining 1-turida Jazoir darvozasiga het-trik qayd etib, mundiallardagi gollari sonini 16 taga yetkazdi va Miroslav Kloze rekordini takrorladi.
Argentina milliy jamoasi keyingi uchrashuvini 22 iyun kuni Avstriyaga qarshi o‘tkazadi.