Live
18
O'zbek

Sergey Lushan: «Matbuot anjumaniga kelaman-u, nima haqida gapirishni bilmayman»

Eksklyuziv
22 oktabr, 13:19
Lushan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida fikrlarini aytdi.
Sergey Lushan: «Matbuot anjumaniga kelaman-u, nima haqida gapirishni bilmayman»
Фото: Tribuna.uz
22.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Bunyodkor Bunyodkor 2 : 1 Mashal Mashal

Bugundan Superliganing 25-turiga start berildi. Ilk o‘yin Toshkentda «Bunyodkor» va «Mash’al» ishtirokida o‘tib, unda toshkentliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Muborakliklar bosh murabbiyi Sergey Lushan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida fikrlarini aytdi va savollarga atroflicha javoblar qaytardi.

- Qisqa qilib aytganda, odatdagidek. Asosiy so‘z — «odatdagidek». Biz yana odatdagidek 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldik. «Bunyodkor»ni g‘alaba bilan tabriklayman. Sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan voqea sodir bo‘ldi. Endi qo‘shimcha qiladigan gapim ham qolmadi. Matbuot anjumaniga kelaman-u, nima haqida gapirishni bilmayman. Ammo muammolar hamon o‘z yechimini topmayapti.

- Hozirgi «Mash’al»ning holatini ko‘rib turibmiz. Jamoa siz istagan darajaga asta-sekin chiqib bormoqda. Albatta, birdaniga yuqori o‘rinlarga ko‘tarilib ketish qiyin. Shunga qaramay, yosh futbolchilar harakatida o‘zgarishlar sezilyaptimi?

- Yosh futbolchilar darrov siz istagan darajada o‘ynab ketmaydi. Lekin ularda juda katta o‘zgarish bor, ayniqsa, yoshlarda. Ularning ko‘pchiligi uchun bu katta futboldagi ilk tajriba hisoblanadi.

Masalan, bugun Lazizovni maydonga tushirdik. U U-19 jamoasi safida bir necha bor o‘ynagan. Biz unga shunchaki o‘zini sinab ko‘rish imkoniyatini berdik. Yoshlarning o‘zini qanday ko‘rsatishi, psixologik jihatdan qanchalik barqarorligi va mashg‘ulotlar jarayonida o‘zini qanday tutishini kuzatyapmiz. Ularda yaxshi salohiyat borligini ko‘ryapmiz.

Ammo rasmiy liga o‘yinlarida maydonga tushish butunlay boshqa masala. Bu yerda mas’uliyat yuki juda katta. Shuning uchun ularni sinchkovlik bilan kuzatib, keyingi mavsumga ham tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Mavsum oxirigacha jamoaning asosiy o‘zagini shakllantirib olishimiz kerak. Shunda mavsumlar oralig‘ida qaysi pozitsiyalarga futbolchilar taklif qilish zarurligini aniq belgilay olamiz. Ayrim pozitsiyalar kuchaytirishni talab qilishi aniq.

Umuman, yoshlardan mamnunman. Ular harakat qilishyapti, kimdir yaxshi, kimdir unchalik emas. Bugun, masalan, Javliyev o‘zini kutilgan darajada ko‘rsata olmadi. Lekin u yaxshi yigit, atigi 18 yoshda va yaxshi o‘yinlar o‘tkazyapti. Menimcha, uning kelajagi katta. Boshqa yoshlarimiz ham yomon emas. Ularni hozirdan keyingi mavsumga tayyorlayapmiz.

- Bugun maydonda o‘zaro teng, yosh futbolchilardan tashkil topgan ikki jamoa o‘ynadi. «Bunyodkor»ning ham, «Mash’al»ning ham akademiyasi bor. Ularning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Menimcha, «Bunyodkor» akademiyasi hali ham O‘zbekistondagi eng yaxshi akademiyalardan biri. Albatta, hozir u yerda qanday vaziyat ekanini to‘liq bilmayman. Qarzdorliklar tufayli katta qiyinchiliklar borligini eshityapman. Bu muammolar butun klubga, jumladan, akademiyaga ham ta’sir qilyapti.
Kecha ham ayrim yigitlar bilan gaplashdik. Men futboldagi jarayonlarni doim kuzatib boraman. «Bunyodkor» akademiyasida bir vaqtlar yo‘lga qo‘yilgan tizim juda kuchli edi. Hozir uni avvalgi darajada deb aytmagan bo‘lardim. Lekin «Mash’al» va «Bunyodkor»ni taqqoslaydigan bo‘lsak, seleksiya borasida «Bunyodkor»ning imkoniyatlari baribir yuqoriroq bo‘ladi.

Ikkinchidan, futbolchilarning soni va sifatida ham farq bor. Bunday imkoniyatlar teng emas. Agar moliyaviy jihatdan teng sharoitga ega bo‘lganimizda edi, hozirgi vaziyatdan farqli o‘laroq, boshqacha ishlashimiz mumkin bo‘lardi. Rostini aytsam, juda xavotirdaman. O‘yindan oldin ham soha mutaxassislari bilan gaplashdik. Hamma futbolimiz kelajagi haqida o‘ylayapti.
Agar klublarni moliyalashtirishdagi bu vaziyat davom etsa, akademiyalar taqdiri nima bo‘ladi? O‘zbekistonda futbol akademiyalari qanday rivojlanadi? Agar kelasi yili proliga ham moliyalashtirilmasa, nima bo‘ladi? Milliy jamoa uchun futbolchilar qayerdan yetishib chiqadi?

Jahon chempionatiga chiqqan milliy jamoamiz — o‘n besh yillik mehnat mahsuli. Biz bu natijaga bir kunda erishmadik. Agar hozir shu tizimni barbod qilsak, yana o‘ttiz yil milliy jamoamizning shunday muvaffaqiyatini kutib yurishimiz mumkin.

Agar Osiyoning eng yaxshi akademiyalaridan biri shunday og‘ir ahvolga tushib qolsa, futbolimizning kelajagi qanday bo‘ladi? Nima qilish kerak? Balki, biz bilmagan qandaydir rejalar bordir. Ammo futbolda qirq-ellik yildan beri ishlayotgan mutaxassislar bilan har kuni gaplashamiz, ular ham vaziyatdan chiqish yo‘lini tushuna olmayapti.

Bu sohaga endi kirib kelgan yosh murabbiylar nima ham qila olardi? Shuning uchun bu savol men uchun ham juda muhim. Keyin nima bo‘lishini, futbolimizning kelajagi qanday ko‘rinish olishini tushunib olishni istayman.

- Kelasi mavsumdan o‘zbek futbolida «kuz-bahor» tizimiga o‘tilishi mumkinligi haqida gapirilmoqda. Hozircha bu faqat loyiha. Mutaxassis sifatida ushbu tizimning afzalliklari va kamchiliklari haqida nima deya olasiz?

- Menimcha, bu yomon g‘oya emas. Tushunishimcha, bu o‘zgarish milliy jamoalar yoki Osiyo o‘yinlarini hisobga olgan holda taklif qilinmoqda. To‘g‘rimi? Klublarimiz Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadi. Hozirgi taqvimda ba’zi jamoalar ikki oygacha rasmiy o‘yin amaliyotisiz qolib ketadi, keyin esa yana musobaqaga qaytishiga to‘g‘ri keladi. Shu nuqtai nazardan, bu taklifda mantiq bor.
Qolaversa, biz Novosibirskda yashamaymiz. O‘zbekiston iqlimi yilning boshqa davrlarida ham futbol o‘ynash imkonini beradi. Agar yangi tizim Osiyo musobaqalari taqvimiga mos kelsa, buning ijobiy jihatlari bo‘lishi mumkin.
Albatta, bu g‘oyada foydali jihatlar bor. Lekin hamma narsani yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak. Biz bunday tizimda ishlab ko‘rmaganmiz. Klublar mavsumlararo tanaffusda xorijda, masalan, Belarusda yig‘in o‘tkazishi mumkin. U yerda yozgi tayyorgarlik uchun sharoitlar yaxshi.

Biroq bu masalaga faqat bir tomonlama qarab bo‘lmaydi. Moliyalashtirish, klublarning imkoniyatlari va boshqa ko‘plab jihatlarni hisobga olish zarur. Bu borada mendan ko‘ra bilimliroq mutaxassislar bor. Shuning uchun barcha omillar chuqur o‘rganilishi kerak.

Bizni eng ko‘p tashvishga solayotgan masala — klublardagi moliyaviy muammolar. Jahon chempionatiga chiqish uchun yigirma yillik mehnat qilingan. Hozir esa klublarimiz yaxshi, sifatli legionerlarni taklif qilishga ham qiynalyapti.
Men Rossiyadagi futbolchilar bilan ham doimiy muloqotdaman. U yerda ham xorijlik futbolchilarning sifati va bozorga chiqish imkoniyatlari bo‘yicha muammolar bor. Agar bizda ham chempionat saviyasi tushib ketsa, bu milliy jamoaga ham ta’sir qiladi.

Agar eng yaxshi futbolchilarimiz xorijga ketib, mahalliy chempionatda o‘rtacha saviyadagi futbolchilar qolsa, chempionatimiz ham o‘rtacha darajaga tushib qoladi. Milliy jamoani faqat xorijda o‘ynayotgan legionerlar bilan kuchaytirib bo‘lmaydi. Buning uchun kuchli milliy chempionat kerak.
«Manchester Siti»da Kevin De Bryuyne kabi futbolchi o‘ynayotgani bilan butun bir mamlakat terma jamoasi kuchli bo‘lib qolmaydi. Albatta, yuqori saviyali futbolchilar terma jamoaga yordam beradi. Ammo terma jamoaning asosini milliy chempionatda muntazam o‘ynayotgan futbolchilar tashkil etadi.
Agar chempionatimiz o‘rtacha yoki undan ham past saviyada bo‘lsa, milliy jamoamizning kuchli bo‘lishi qiyin. Bu nafaqat mening fikrim, balki ko‘plab mutaxassislar ham shunday fikrda bo‘lsa kerak.

- Shukurillayevning hozirgi holati qanday? Uning jarohati bo‘yicha dastlabki tashxisda oldingi xochsimon bog‘lamning qisman uzilishi, menisk va yon bog‘lamning cho‘zilishi aytilgan edi.

- Bilmayman. Men shifokor emasman, tibbiy mutaxassis ham emasman. Lekin menga ko‘rsatilgan tasvirlar va aytilgan tashxis o‘rtasida qandaydir nomuvofiqlik bordek tuyuldi.

Agar tashxisda aytilgan jarohatlar haqiqatan ham shunday bo‘lsa, futbolchi ancha vaqt futboldan chetda qolishi kerak edi. Ammo bir haftadan keyinoq yugura boshlagani menga tushunarsiz. Balki, tekshiruv noto‘g‘ri o‘tkazilgandir yoki u tegishli mutaxassisga murojaat qilmagandir. Aniq ayta olmayman. Hozir u haqiqatan ham jarohatlangan. Umid qilamizki, kelasi mavsumgacha tiklanib oladi.
Zamonaviy tibbiyot ancha rivojlangan. Masalan, menisk bilan bog‘liq ba’zi jarohatlardan keyin futbolchi ikki hafta ichidayoq maydonga qaytishi mumkin. Hozirgi tibbiyot shunday imkoniyatlarga ega.

Mening fikrimcha, agar menisk bilan bog‘liq muammo qayta-qayta takrorlanayotgan bo‘lsa, uni jiddiy ko‘rib chiqish kerak. Aytaylik, futbolchi bir tibbiy markazga boradi, unga operatsiya kerak emas, mushaklarni kuchaytirish kifoya, deyishadi. U bir haftadan keyin maydonga qaytadi, keyin esa menisk bilan bog‘liq muammo yana paydo bo‘ladi.

Menimcha, bunday holatda operatsiya masalasini tezroq hal qilib, keyin tiklanish jarayonini boshlash kerak. Bu shaxsiy fikrim. O‘zimning oyoqlarimda to‘qqiz marta operatsiya o‘tkazilgan. Menisk jarohatidan keyin bir hafta o‘tib maydonga qaytgan paytlarim ham bo‘lgan. Albatta, xochsimon bog‘lam jarohatlarida tiklanish muddati boshqacha bo‘ladi.

- Akademiyalar mavzusini davom ettirsak. Siz «Bunyodkor» akademiyasini alohida ta’kidladingiz. «Mash’al» akademiyasi haqida nima deysiz? Tarixga nazar tashlasak, Muborak klubi ham ko‘plab iqtidorli futbolchilarni yetishtirib chiqargan. Masalan, Eldor Shomurodov kabi futbolchilar shu tizimdan yetishib chiqqan.

- Yana o‘sha masalaga kelamiz — moliyalashtirishga. To‘g‘ri tushuning, o‘tgan yilgi holatni olaylik. Klubda moliyalashtirish mavjud bo‘lgan paytda, bosh homiy UNG edi. Mablag‘lar o‘z vaqtida ajratilar, to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilar edi. Akademiya, ovqatlanish, safarlar va boshqa zarur xarajatlar ta’minlanardi. Ishlash uchun sharoit bor edi.

Hozir esa bunday imkoniyatlar yo‘q. Biz seleksiya o‘tkazishga, yangi futbolchilarni taklif qilishga ham qiynalyapmiz. Chunki ularni qanday sharoit bilan ta’minlashimizni bilmaymiz.

Hozir U-19, dubl va asosiy jamoa birga mashg‘ulot o‘tkazyapti. Ba’zan yoshlarni tushlik qilishlari uchun asosiy jamoa joylashgan hududga olib kelamiz. Vaziyat shu darajaga yetgan.

Odamlar ishlashni istamay qo‘yishyapti. Maydonlarga qarang: bosh direktor xodimlarni maydonlarni sug‘orishga ko‘ndirishga harakat qilyapti. Chunki ularning maoshlari to‘lanmagani sababli ishchilar ketib qolgan.
Klub faqat futbolchilar, murabbiylar va bosh direktordan iborat emas. Oshpazlar, haydovchilar, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ham bor. Ularning hammasiga haq to‘lash kerak. Agar buning imkoni bo‘lmasa, klub to‘laqonli faoliyat yurita olmaydi.

Albatta, qayerdadir bir iqtidorli bolani topishimiz mumkin. Lekin bu akademiyaning tizimli ishi emas. Akademiya faoliyatining asosi — seleksiya. Seleksiya bo‘limi xodimlari ertalabdan kechgacha viloyatlarni aylanib, iqtidorlarni izlashi kerak. Hatto Toshkentdan biror futbolchini topgan taqdiringizda ham uni Muborakka taklif qilish, munosib sharoit yaratish zarur. Buning uchun mablag‘ kerak. Aks holda tizim ertami-kechmi barbod bo‘ladi.

Xorijdagi akademiyalar tajribasini olaylik. Ularning ba’zilari futbolchilarning juda kichik qismini 17 yoshida sotib, shu orqali xarajatlarini qoplaydi va daromad oladi. Xarajatlari nisbatan kam bo‘lishi mumkin, lekin tizim to‘g‘ri ishlagani uchun samara beradi.

Bizda esa hozirgi vaziyat shunday. Bu muammo faqat «Mash’al»ga tegishli emas. O‘yindan oldin «Bunyodkor» vakillari bilan ham gaplashdik. U yerda ham jiddiy qiyinchiliklar bor.

Bu masalani hal qilish kerak. Federatsiya rahbariyati ham bu muammolarga befarq emas, deb umid qilaman. Vaziyat juda murakkab. Agar kelasi yilgacha muammolar hal qilinmasa, xoh «kuz-bahor», xoh «bahor-kuz» tizimiga o‘tmaylik, baribir natija bo‘lmaydi. Mablag‘ bo‘lmasa, hech narsa qilib bo‘lmaydi.
Futbol, umuman, sport ham moliyaviy ko‘makka muhtoj. Futbol dunyodagi eng ommabop sport turi. Uni rivojlantirish uchun jiddiy mablag‘ talab etiladi. Albatta, klublarni xususiy sektorga berish yaxshi g‘oya. Lekin bu jarayonga bosqichma-bosqich yetib borishimiz kerak. Buning uchun mamlakatning iqtisodiy darajasi, tadbirkorlarning imkoniyatlari va xususiy kompaniyalarning rivojlangani muhim.

Hatto «Manchester Siti» kabi yirik klublar ham moliyaviy manbalar va sarmoyalar orqali faoliyat yuritadi. Bu futbol iqtisodiyotining tabiiy jarayoni. Ammo hisob raqamlarida mablag‘ bo‘lmasa, biz qanday ishlaymiz?
Shu sababdan juda xavotirdamiz. Yaqinda bir nechta mutaxassis va murabbiylar bilan gaplashib, vaziyatni muhokama qildik. Hisob-kitoblarga ko‘ra, beshta klub faoliyatini to‘xtatib qo‘yishi mumkinligi haqida xavotirlar bor. Ilohim, bunday bo‘lmasin.

Umid qilamanki, hozir Federatsiya va Professional futbol ligasida kuchli jamoa shakllangan. U yerdagi mas’ullar vaziyatni ko‘rib, muammolarni yaxshi tushunib turishibdi. Balki, yechim topar. Barchamiz shunga umid qilamiz», - deya Sergey Ivanovichnning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Bunyodkor Bunyodkor
  • Mashal Mashal
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar