Live
18
O'zbek

Ixtiyor Toshpo‘latov: «Olmaliqdagi o‘yinda oxirigacha kurashdik, taslim bo‘lmadik»

Eksklyuziv
22 oktabr, 13:01
Tribuna.uz muxbiri jamoa sardori Ixtiyor Toshpo‘latov bilan suhbatlashdi.
Ixtiyor Toshpo‘latov: «Olmaliqdagi o‘yinda oxirigacha kurashdik, taslim bo‘lmadik»
Фото: Гулистон ПФК

Birinchi liga ishtirokchisi «Guliston» jamoasi O‘zbekiston kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jamoa turnirning chorakfinaliga qadar yetib keldi. Aynan shu bosqichda OKMK mehmoni bo‘lib, dramatik kechgan bahsda 2:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu bahsdan so‘ng Tribuna.uz muxbiri jamoa sardori Ixtiyor Toshpo‘latov bilan suhbatlashdi.

«Olmaliqdagi o‘yin biz uchun yaxshi bo‘ldi. Garchi mag‘lub bo‘lgan bo‘lsak-da, muxlislar o‘yindan zavq olishdi. O‘ylashimcha, muxlislarimizga yoqadigan ochiq futbol namoyish etdik. Biz ijobiy natija yo‘lida oxirigacha kurashdik, taslim bo‘lmadik. To‘g‘ri, ayrim joylarda tajriba muhim rol o‘ynadi. Ammo 1-liga jamoasi bo‘lishimizga qaramay, raqibga munosib qarshilik qildik. Olmaliqliklar ham bizdan bunday qarshilik bo‘lishini kutmagan bo‘lsa kerak.

- Bilasizmi, birinchi bo‘limda gol urish uchun yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi. Afsuski, vaziyatlardan foydalana olmadik. Hujumda sovuqqonlik yetishmadi deb o‘ylayman. Ehtimol, birinchi golni urib olganimizda o‘yinning qolgan qismi boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Qolaversa, Shohnazar Norbekovning kutilmaganda olgan jarohati ham bizga katta yo‘qotish bo‘ldi. Rejalarimizga biroz ta’sir qildi.

- Yil boshida jamoa o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygandi. Xususan, O‘zbekiston kubogida ham guruhni muvaffaqiyatli tugatishni maqsad qilgandik. Xudoga shukrki, buni uddasidan chiqdik. Bizni qiyin guruhdan o‘rin olganimizdan so‘ng ko‘pchilik autsayder sifatida qaray boshladi. Chorakfinalda ham oson bo‘lmagan raqib bilan to‘qnash kelib, katta ishtiyoq va xarakter evaziga mag‘lub etdik. Olmaliqliklarga qarshi bahsda ham himoyaga yotib olmadik va oxirigacha ochiq futbol ko‘rsatdik. O‘ylaymanki, kubokdagi birinchi yildagi urinishimiz yaxshi bo‘ldi. Muxlislarimizni ancha xursand qildik deb o‘ylayman.

- To‘g‘risi, qaysi jamoa O‘zbekiston kubogini yutishi bo‘yicha fikr bildira olmayman. O‘ylaymanki, eng munosib jamoa muvaffaqiyat qozonadi.

- Endilikda bor e’tiborimizni markazlashgan holda o‘tkaziladigan Birinchi liga pley-off uchrashuvlariga qaratamiz. Bu yerda yaqqol favorit emasmiz. Chunki boshqa jamoalarni ham hurmat qilamiz va ularga qarshi oson o‘yinlar bo‘lmaydi. Maqsadimiz — chempion bo‘lish. Shu yo‘lda harakat qilamiz. Kubokdagi mag‘lubiyatdan so‘ng pley-off bahslarida g‘olib chiqib, sirdaryolik muxlislarni quvontirmoqchimiz», - dedi Toshpo‘latov.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • FK Guliston FK Guliston
Bugungi yangiliklar