Live
18
O'zbek

Ivan Boshkovich: «Mash'al»ning qanday qilib atigi to‘rt ochko jamg‘arganiga hayronman»

Eksklyuziv
22 oktabr, 12:57
Boshkovich fikrlarini aytdi.
Ivan Boshkovich: «Mash'al»ning qanday qilib atigi to‘rt ochko jamg‘arganiga hayronman»
Фото: Tribuna.uz
22.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Bunyodkor Bunyodkor 2 : 1 Mashal Mashal

«Bunyodkor» va «Mash'al» (2:1) uchrashuvidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida toshkentliklar bosh murabbiyi Ivan Boshkovich fikrlarini aytdi.

- Aytishim mumkinki, juda qiyin o‘yin bo‘ldi. Oson uchrashuv bo‘lishini kutmagandim, ammo bunchalik murakkab kechishini ham tasavvur qilmagan edim.
Menimcha, biz o‘z futbolimizni namoyish eta olmadik. Jamoamiz bundan ham yaxshiroq darajada o‘ynay oladi. Ochig‘ini aytsam, raqib bizning o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimizga imkon bermadi. Futbolchilarimizdan talab qilayotgan futbolimiz shu edi. Shuning uchun bu g‘alaba juda muhim, deb ayta olaman.

Birinchi bo‘limda diqqatni jamlash borasida muammolar bo‘ldi. Ko‘plab bolalarcha xatolarga yo‘l qo‘ydik. Balki, maydonga biroz xotirjamlik bilan tushgandirmiz. Raqibning atigi to‘rt ochkosi borligini o‘ylab, futbolchilarimiz ruhiy jihatdan bo‘shashgan bo‘lishi ham mumkin. Men ularni ogohlantirgandim, ammo bu holat baribir ta’sir qildi.

Birinchi bo‘limda «Mash'al»ning ham, bizning ham yaxshi vaziyatlarimiz bo‘ldi. Shunga qaramay, birinchi bo‘limning o‘zidayoq hisobni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldik. «Mash'al»ni yana bir bor maqtamoqchiman. Bu jamoaning qanday qilib atigi to‘rt ochko jamg‘arganiga hayronman. Ular juda kuchli qarshilik ko‘rsatishdi.
Ikkinchi bo‘limda vaziyatni biroz to‘g‘riladik, diqqatni yaxshiroq jamladik.

«Mash'al»da avvalgidek yorqin vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi, biz esa o‘yinni nazorat qildik. Uchrashuvni ancha oldin hal qilishimiz mumkin bo‘lgan bir nechta yaxshi imkoniyatlarimiz ham bo‘ldi. Ammo o‘yinning so‘nggi 10–15 daqiqasida hamma biroz asabiylashdi. Futbolchilar ham, zaxira o‘rindig‘i oldida turgan biz ham hayajonlandik.

O‘z futbolchilarimni ham, «Mash'al» futbolchilarini ham yaxshi o‘yin bilan tabriklayman. Menimcha, bu uchrashuv barcha uchun qiziqarli kechdi. Hozirgi vaziyatda biz uchun ushbu uch ochko juda muhim edi.

- So‘nggi o‘yinlarda Islom Muhammadov hududni yaxshiroq his qilayotgani, maydonda o‘z pozitsiyasini topib, faolroq harakat qilayotganini ko‘ryapmiz. Bu sizning talabingiz natijasimi yoki raqibga bog‘liq holatmi?

- Biz futbolchilardan aynan shuni talab qilamiz. Buni nafaqat men, balki butun murabbiylar shtabi talab qilmoqda. «Bunyodkor» qanday futbol o‘ynashi kerakligini yaxshi bilamiz. Futbolchilarimiz malakali va juda iqtidorli. O‘yinlar davomida ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortib boradi. Men ular bundan ham yaxshiroq o‘ynay oladi, deb hisoblayman.

Ayniqsa, so‘nggi bir nechta uchrashuvda ularning o‘zaro hamkorligida o‘zgarishlarni sez­yapman. Albatta, natija uchun bo‘lgan bosim ham ta’sir qiladi. Lekin futbolchilarning o‘zlari ham hujumda yanada faolroq harakat qilishlari mumkinligini his etishyapti, deb o‘ylayman. Umid qilamanki, nafaqat ular, balki butun jamoamiz hujumda yanada faol o‘ynab, ko‘proq gol ura oladi. Bugun ikkita gol urganimiz quvonarli. Bundan tashqari, yana bir nechta yaxshi imkoniyatlarimiz bo‘ldi.

Hozir oldimizda 15 kunlik tanaffus bor. «Neftchi»ga qarshi uchrashuv 14-sanasiga ko‘chirilgani sababli, 6-sanag­ina keyingi o‘yinimiz bo‘ladi. Shu vaqt davomida jarohati bor yoki sariq kartochkalari tufayli muammolarga duch kelgan futbolchilarimiz optimal jismoniy holatga qaytib olishlari mumkin. Menimcha, bu kelgusida jamoamizni yanada kuchaytiradi.

- «Neftchi»ga qarshi uchrashuvning FIFA kunlariga ko‘chirilgani futbolchilarning o‘yin amaliyotini yo‘qotishiga olib kelmaydimi?

- Aksincha, bu bizga qo‘shimcha vaqt beradi, deb o‘ylayman. Krivokapich, Pletyov, Olimjonov, hatto Nosirov, shuningdek, Abdusalomov kabi futbolchilarimiz bor. Abdusalomov bugun o‘zini unchalik yaxshi his qilmadi, shuning uchun tavakkal qilishni istamadik.

Bu futbolchilar biz uchun juda muhim. Ular tajribali o‘yinchilar hisoblanadi. O‘ylaymanki, ushbu tanaffus ularning tiklanishiga, jamoamiz o‘yini sifatini yanada oshirishga yordam beradi. Natijada boshqa raqiblarga qarshi ham yanada raqobatbardosh bo‘lamiz.

- So‘nggi kunlarda chempionat formatini «kuz-bahor» tizimiga o‘zgartirish bo‘yicha takliflar borligi aytilmoqda. Mutaxassis va murabbiy sifatida bu boradagi fikringiz qanday?

- Murabbiy sifatida men sifatli futbolni ko‘rishni ham, o‘ynatishni ham istayman. Buning uchun, eng avvalo, yaxshi maydonlar kerak. Shunda muxlislar ham, biz ham futboldan zavq olamiz. Afsuski, so‘nggi ikki yilda maydonlar sifatida muammolar kuzatilmoqda. Ayniqsa, yoz va qish oylarida bu yaqqol seziladi. Mashg‘ulotlar jarayonida ham qiyinchiliklar bor.
Shuning uchun bu masalani atroflicha tahlil qilish, yangi tizimning afzalliklari va kamchiliklarini o‘rganish zarur. Ammo menimcha, agar noyabr, dekabr, yanvar va fevral oylarida futbol o‘ynaydigan bo‘lsak, maydonlar sifatli futbol namoyish etish imkonini bermasligi mumkin.

Meni aynan shu jihat tashvishlantiradi. Agar boshqalarning fikri boshqacha bo‘lsa, biz o‘z ishimizni bajarishda davom etamiz. Lekin barchamizning maqsadimiz futbol sifatini oshirish bo‘lishi kerak.

Zamonaviy futbol endi botqoqqa aylangan maydonlarda o‘ynalmaydi. Bugungi futbol uchun mukammal, sifatli maydonlar kerak. Chempionlar ligasini kuzating: agar maydonlarimiz yozdagi kabi holatda bo‘lsa, bunday maydonlarda qanday futbol ko‘rsatish mumkin?», - deya Boshkovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Bunyodkor Bunyodkor
  • Mashal Mashal
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar