«Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi 2026-yilgi Asturiya malikasi mukofotini olish uchun Ispaniyaga yetib keldi. Infobae xabariga ko‘ra, 38 yoshli futbolchi rafiqasi Antonella Rokuzzo bilan Ovyedo shahriga kelgan.
Mahalliy vaqt bilan soat 10:25 da qo‘ngan samolyotdan tushgan Messi keyin mehmonxonaga yo‘l olgan. Uning kelishini ko‘plab muxlislar kutib olgan. Futbolchi ular bilan vaqt o‘tkazib, dastxatlar tarqatgan, futbolkalarga imzo qo‘ygan va muxlislar bilan suratga tushgan.
Ma’lumot uchun, Messi 2026-yilda Asturiya malikasi mukofotining «Sport» yo‘nalishida g‘olib deb topilgan.
Eslatib o‘tamiz, taqdirlash marosimi 23-oktyabr kuni Ovyedodagi Kampoamor teatrida bo‘lib o‘tadi. Mukofotni futbolchiga malika Leonor topshiradi.