«PSJ»ning sobiq yarimhimoyachisi Ander Errera parijliklar safida Lionel Messi bilan birga o‘ynagan davrini esladi.
«Men uchun Messi — biz boshqa hech qachon ko‘ra olmaydigan futbolchi. Gap faqat o‘yinlar emas, balki har bir mashg‘ulot haqida ham ketmoqda. Esimda, mashg‘ulot paytida u to‘pni necha bor yo‘qotishini sanardim. Natija esa — nol marta!
Mashg‘ulotlarda kichik maydonda to‘pni bir-biriga oshirishga asoslangan “rondo” mashqini bajarardik. Messi bu paytda hech qachon to‘pni yo‘qotmasdi. Ya’ni u to‘p nazoratini mutlaqo boy bermasdi. Bu aql bovar qilmas darajada edi. Bunday holat har kuni, har bir mashg‘ulotda takrorlanardi.
Messining bugun ham shunday yuqori saviyada o‘ynayotganining sabablaridan biri ham shu. Biz buni Jahon chempionatida ko‘rdik. Leo 75 daqiqa davomida deyarli o‘yinda faol ishtirok etmasligi mumkin, ammo keyin birdan: “Bu o‘yin taqdirini men hal qilaman”, deb qaror qiladi. Shundan so‘ng maydondagi vaziyatni o‘zgartira boshlaydi. Bularning barchasini 39 yoshida amalga oshirmoqda! Bu — aql bovar qilmas holat», — dedi Errera Rio Ferdinand bilan intervyuda.
Errera: «Mashg‘ulotlarda Messining necha bor to‘p yo‘qotishini sanardim. Natija — nol!»
Futbol
16 oktabr, 18:00
«PSJ» sobiq yarimhimoyachisi argentinalik hujumchini e’tirof etdi.
Foto: Getty Images